Jumladan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va oʻz xavfsizlik boʻlimi xodimlari tomonidan fosh qilingan navbatdagi holatda “Gʻijduvon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida fuqaro R.S. nomiga chetdan keltirilgan avtokranni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida qingʻirlikka qoʻl urilgani aniqlandi.
Hujjatlarda ushbu maxsus texnika 2020-yilda ishlab chiqarilgani qayd etilgan boʻlsa-da, ammo transport vositasi holatining ekspertiza natijalari buni tasdiqlamadi.
Jumladan, avtokran shassisida qoʻlbola usulda bajarilgan payvandlash izlari ainqlangan, kran kabinasidagi maʼlumotlar bitilgan yorliqlar ham qalbakilashtirilgan, avtokran ehtiyot qismlarida esa uning 2016-yilda ishlab chiqarilganligini koʻrsatuvchi yorliqlar mavjudligi aniqlangan.
Bularning barchasi esa mazkur texnika 2016-yilda ishlab chiqarilganligini anglatadi. Maʼlumotlarni soxtalashtirish orqali yuk egasining bojxona toʻlovlaridan 4,2 mlrd. soʻmlik imtiyozlarni qoʻlga kiritish rejasi naf bermadi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va oʻz xavfsizlik boʻlimi hamda Kontabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan fuqaro B.D. nomiga chetdan olib kelingan avtokran ham belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda, shubhali holatlar kuzatildi va qayta ekspertiza tayinlandi.
Ekspertizaning dastlabki xulosasida 2018-yilda ishlab chiqarilganligi tasdiqlangan mazkur avtokran aslida yangi koʻrinishga keltirish uchun muqaddam taʼmirlangan. Avtokran ehtiyot qismlarida uning 2012-yilda ishlab chiqarilganligini koʻrsatuvchi birkalar aniqlangan, avtokran shassisida qoʻlbola usuldagi payvand izlari aniqlangan.
Qayta ekspertiza natijasidan soʻng ushbu texnika 2012-yilda ishlab chiqarilganligi tasdiqlangan.
Maʼlumotlarni soxtalashtirish orqali yuk egasining bojxona toʻlovlaridan 3,2 mlrd. soʻmlik imtiyozlarni qoʻlga kiritish rejasi naf bermadi.
Shunday qilib, mazkur holatlarda 7 mlrd. 422 mln. soʻmlik imtiyozlar bekor qilinib, bojxona toʻlovlari qayta hisoblandi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
8.05.2021