Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tovarlarni import qilish
4854

Oʻzbekiston Respublikasiga tovarlarni import qilish import qiluvchining* import kontrakti (yaʼni, import, markazlashtirilgan import, birja va yarmarka import shartnomalari) va invoys asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga muvofiq, import qiluvchilar — yuridik shaxslar, shuningdek, yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar — tovarlar (ishlar va xizmatlar) importiga Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari bilan tashqi savdo kelishuvlarini (kontrakt, invoys) tuzgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlaridir;

import kontrakti — tovarlar (ishlar va xizmatlar) importiga import qiluvchi bilan Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti oʻrtasida tuzilgan kontraktdir.

invoys (hisob-faktura) — xalqaro tijorat amaliyotida sotuvchi tomonidan xaridorga taqdim etiladigan tovarlar va xizmatlar roʻyxati, ularning miqdori va xaridorga yetkazib berilgan narxlari, tovarlarning rasmiy xususiyatlari, yetkazib berish shartlari, joʻnatuvchi va oluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjatdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 55 va 56-moddalariga muvofiq, “Erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga olib kirilgan tovar uni ushbu hududdan qaytarib olib chiqish majburiyatisiz shu yerda erkin muomalada qoladi.
Bojxona toʻlovlari toʻlangan va iqtisodiy siyosat choralariga rioya etilgan taqdirda tovar “Erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtiriladi va bojxona hududida erkin muomalada turgan tovar maqomini oladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-iyuldagi “Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda Davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 197-son qaroriga muvofiq, “Erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida olib kiriladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish uchun bojxona organiga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
– bojxona yuk deklaratsiyasi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish yoʻli bilan tovarlarni deklaratsiyalash hollari bundan mustasno;

– transport hujjatlari, oʻrov varagʻi bundan mustasno;

– tovarlarning kelib chiqishi sertifikati (manfaatdor shaxsning xohishi boʻyicha va uning zarurligi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda).

Eksport qiluvchi mamlakatning eksport bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona bojidan va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga (2013-yil 20-mart roʻyxatdan oʻtkazish raqami 2436) kiritilgan tovarlarning bojxonada rasmiylashtiruvi davlat bojxona xizmati organlari tomonidan bir ish kuni mobaynida amalga oshiriladi. Bojxona deklaratsiyasi taqdim etilmagan taqdirda bojxona rasmiylashtiruvi umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Tovarlarning, shu jumladan elektron shakldagi bojxona rasmiylashtiruvi xizmat koʻrsatuvchi banklar (gʻaznachiliklar) tomonidan taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida toʻlovchining shaxsiy hisob raqami boʻyicha bojxona toʻlovlari toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi (bojxona toʻlovlarini toʻlash kechiktirilishi yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berilishi hollari bundan mustasno).

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida ruxsat beruvchi tusdagi tegishli hujjat mavjud boʻlmagan taqdirda davlat bojxona xizmati organlari bojxona rasmiylashtiruvini rad etish huquqiga egadir.

Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisining xohishi boʻyicha bojxona rasmiylashtiruvi uchun barcha zarur hujjatlar, shu jumladan vakolatli organlarning hujjatlari qogʻozda taqdim etilishi mumkin.
Tovarlarning elektron shakldagi bojxona rasmiylashtiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-iyuldagi 605-sonli “Tovarlarni bojxonada elektron shaklda deklaratsiyalash tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori muvofiq amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan:

ushbu qarorda nazarda tutilmagan;

davlat bojxona xizmati organlari yoki davlatning boshqa organlari va davlat xizmatlari koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar tasarrufidagi qoʻshimcha hujjatlarni talab etish taqiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil
14-maydagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga muvofiq, eksport qiluvchi tashqi savdo kontraktlari va invoyslar boʻyicha maʼlumotlarni elektron shaklda elektron raqamli imzodan foydalangan holda, Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi hududiy boshqarmalarining bojxona postlari xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan TSOYAEATga kiritilgan kontrakt (shu jumladan, invoys) maʼlumotlarini “erkin muomalaga chiqarish (import)”, “eksport” bojxona rejimlaridagi bojxona yuk deklaratsiyasi maʼlumotlari bilan, shuningdek, tijorat banklar tomonidan TSOYAEATga kiritilgan hisob-kitob maʼlumotnomasida koʻrsatilgan valyuta miqdorini toʻlov kafolatlangan tovarlarning eksport qiymatiga nisbatan muvofiqligi yoki ortiqligi bilan solishtiradilar hamda farqlar mavjud boʻlmaganda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtiradilar.

Eksport qiluvchilar qonun hujjatlarida boshqacha nazarda tutilmagan boʻlsa, TSOYAEATga invoyslar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar kiritilib, tovarlar (ishlar, xizmatlar) qiymati toʻliq toʻlangandan keyin va eksport qiluvchilarning Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobraqamlariga mablagʻlar tushgandan soʻng tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) bojxona yuk deklaratsiyasi asosida Internet jahon axborot tarmogʻidagi onlayn doʻkonlar orqali eksport qilishga haqli.

Bunda 5000 (besh ming) AQSH dollarigacha boʻlgan tovarlar elektron tijorat orqali bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan, pochta xizmatlarini koʻrsatish qoidalariga muvofiq realizatsiya qilinishi mumkin.

26.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing