Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Davlat bojxona xizmati organlarining ochiq hayʼat va kengash majlislarida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslarning hozir boʻlish tartibi
2268

Bojxona organlari faoliyatining ochiqligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish boʻyicha ochiq majlislar ishini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va amaldagi boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur cohada qabul qilingan tegishli Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Ochiq majlislar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bojxona boshqarmalari va “Toshkent-AERO” IBKda (bundan buyon matnda bojxona organlari deb yuritiladi) faoliyat olib boruvchi hayʼat va kengashlarda tashkil qilinadi.

Bojxona organlari hayʼat yoki kengash majlislarida tinglanadigan axborotlar davlat sirlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa maʼlumotlar jumlasiga kiritilsa, ushbu hayʼat yoki kengash majlislari bojxona organlari xodimlari ishtirokida yopiq tarzda oʻtkaziladi.

Bojxona organlari tomonidan ochiq majlislarda axborotdan foydalanuvchilarning hozir boʻlishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Bojxona organlari axborotdan foydalanuvchilar tanishishi uchun ochiq hayʼat yoki kengash majlislarini oʻtkazish rejalari, kun tartibi, oʻtkazish sanasi, joyi, vaqti va boshqa zarur maʼlumotlar axborotdan foydalanuvchilar kirishi mumkin boʻlgan binolar va DBQ rasmiy veb-saytida (bundan buyon matnda veb-sayt) joylashtiriladi.

Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq majlislarda hozir boʻlishlari ularning tegishli bojxona organiga Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasi hamda DBQning “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish boʻyicha soʻrovlarni koʻrib chiqish Reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2014-yil 30-avgustdagi 258-son buyrugʻi talablarga rioya qilingan holda kiritgan yozma soʻroviga asosan amalga oshiriladi.

Bunday soʻrov axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ochiq majlis oʻtkaziladigan sanadan kamida 20 kun oldin kiritilishi lozim.

Soʻrovlar belgilangan tartibda roʻyxatga olinib, koʻrib chiqish uchun ochiq majlis kotibiga beriladi. Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilmagan soʻrov anonim hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.

Ochiq majlis kotibi soʻrovni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqib, natijasiga muvofiq majlis raisi koʻrsatmasiga asosan axborotdan foydalanuvchilarni majlisda ishtirok etuvchilar roʻyxatiga kiritadi hamda bu haqda axborotdan foydalanuvchiga majlis oʻtkaziladigan sanadan kamida uch kun oldin yozma tartibda maʼlum qiladi. Soʻrov rad etilgan taqdirda axborotdan foydalanuvchiga asoslantirilgan javob yuboriladi.

Ochiq hayʼat yoki kengash majlislarida hozir boʻlish istagini bildirgan shaxslarning hisobi alohida jurnalda yuritiladi.

Axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlislarga oʻzlarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini koʻrsatgan holda kiritiladilar.

Bojxona organlari tizimida axborot xavfsizligini taʼminlash maqsadida axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ochiq majlislarga uyali telefon, kompyuter va boshqa axborot tashuvchi vositalarni olib kirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ochiq majlisda qatnashishga rozilik berilgan axborotdan foydalanuvchi uzrli sabablarga koʻra ochiq majlisda hozir boʻla olmasa va bu haqida bojxona organlariga xabar bergan boʻlsa, uning kelgusidagi ochiq majlislarda hozir boʻlishi yuqoridagi bandlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ochiq majlisda qatnashishi lozim boʻlgan axborotdan foydalanuvchi majlisga kelmagan taqdirda, hayʼat yoki kengash masʼul kotibi tomonidan bu toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi.

Tashkiliy-texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, majlis oʻtkazish zalida axborotdan foydalanuvchilar uchun joylar jihozlanadi. Axborotdan foydalanuvchilar uchun joylar soni hozir boʻlish istagini bildirganlar sonidan kelib chiqib hisoblanadi. Joylar roʻyxatga olish jurnalidagi yozuvning ketma-ketligidan kelib chiqib taqsimlanadi.

Agar ochiq majlislarda hozir boʻlish toʻgʻrisida soʻrov bilan murojaat qilgan axborotdan foydalanuvchilar haddan tashqari koʻpchilikni tashkil qilsa va ularni majlis oʻtkaziladigan xonaga bir vaqtning oʻzida joylashtirishning imkoni boʻlmasa, ularning bir qismi majlis oʻtkaziladigan binodagi zarur texnik vositalar bilan jihozlangan xonalardan biriga joylashtirilib, majlis jarayonini kuzatib (eshitib) borish uchun zarur sharoitlar yaratib beriladi.

Hayʼat yoki kengash masʼul kotibi ochiq majlislarda hozir boʻluvchi axborotdan foydalanuvchilarni mazkur Nizom va hayʼat yoki kengash majlisini oʻtkazish reglamenti talablari bilan tanishtirishi shart. Ushbu tanishtiruv qayd etilgan hujjatlardan koʻchirmalarni veb-saytga joylashtirish va (yoki) axborotdan foydalanuvchilarni ochiq majlisda ishtirok etish masalasida bergan soʻroviga yuboriladigan javob xati orqali amalga oshirilishi mumkin.

Axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlisda hozir boʻlganda majlisni oʻtkazish reglamenti talablariga qatʼiy rioya etishlari lozim. Agar axborotdan foydalanuvchi oʻrnatilgan ichki tartib-qoidalarga rioya qilmasa, raislik qiluvchi tartib buzuvchiga tanbeh beradi, tartib qayta buzilganda esa, uni majlis zalidan chiqarib yuboradi.

Axborotdan foydalanuvchilar tomonidan hayʼat yoki kengash majlislarida hozir boʻlish davomida fikr-mulohazalar bildirilsa yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, ularga ushbu masalalar boʻyicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.

Ochiq majlislarda faqat akkreditatsiya qilingan ommaviy axborot vositalari (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) vakillari qatnashishlariga yoʻl qoʻyiladi.

Ochiq majlislar bayonnomalariga axborotdan foydalanuvchilarning ishtirok etganligi toʻgʻrisida maʼlumot qayd etilishi lozim.

21.07.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing