Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona instituti
7697

Dunyo iqtisodiyotining globallashuvi va davlatlararo integratsiyalashuvning tezlashishi yuz berayotgan bugungi shiddatli zamon milliy bojxona organlari xodimlari oldiga nafaqat mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, balki tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish maqsadida uning ishtirokchilariga qulay sharoitlarni yaratish va jarayonlarni huquqiy jihatdan samarali tartibga solish kabi muhim vazifalarni yuklaydi.
Muhtaram Prezidentimizning 2018-yil 2-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori oʻz mohiyatiga koʻra, xalqaro-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi va mamlakatimiz iqtisodiyotining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishni hisobga olgan holda bojxona organlari xodimlarining bilim va koʻnikmalarini, shuningdek oʻz vazifalarini samarali amalga oshirish uchun zarur boʻlgan kasbiy mahoratini oshirishni taʼminlovchi bojxona xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha boʻyicha ilmiy-tadqiqot masalalarini kompleks tarzda yangicha mazmun va shaklda tashkil etishga xizmat qiladigan muhim hujjat hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona instituti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti etib qayta tashkil etildi va bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim hamda ilmiy-metodik muassasa sifatida belgilandi.

Institutda bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda kursantlarida tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ularni amaliyotda qoʻllash koʻnikmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan yangicha oʻqitish tizimini shakllantirish maqsadida ikki bosqichli “Bojxona ishi” va “Yurisprudensiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy taʼminlash)” mutaxassisliklari bakalavrlarni hamda “Bojxona ishi (faoliyat turlari boʻyicha)” va “Soliq va bojxona huquqi” mutaxassisliklari boʻyicha magistrlarni tayyorlash amalga oshiriladi. Endilikda yurisprudensiya mutaxassisligini tamomlagan institut bitiruvchilarining kasbiy faoliyat sohalari kengayib, nafaqat bojxona organlarida, balki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida ham xizmatni oʻtash imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Qarorda mutaxassislar tayyorlash boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarining amaliyotga yoʻnaltirilganlik jihatini kuchaytirish orqali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, bitiruvchilarda yetarli amaliy koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida 2018-2019 oʻquv yilidan nomutaxassislik fanlarning hajmini kamaytirish va mutaxassislik fanlari hajmini oshirish hisobidan uch yillik nazariy kurs hamda hududiy bojxona boshqarmalarida bir yillik stajirovka oʻtashdan iborat oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Mutaxassislik sohasidan bilim va malaka bilan birgalikda xorijiy tillardan birini mukammal bilish, kasbiy faoliyatda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmasiga hamda metin va bukilmas irodaga ega boʻlish zamonaviy bojxonachi uchun zarur boʻlgan muhim kompetensiyalar sirasiga kiradi. Shu bois, kursant va tinglovchilarni psixologik bardoshliligini oshirish va xorijiy tillarni oʻrganishni zamonaviy tizimini joriy etish maqsadida Til va psixologik tayyorgarlikni rivojlantirish markazi faoliyat yuritadi.

Institut oʻquv jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda samarali boshqaruv tizimini joriy etish boʻyicha ishlab chiqiladigan Kompleks chora-tadbirlar dasturida trenajer-imitatsion komplekslar va moslashuvchan avtomatlashtirilgan trenajerlarni joriy etish hisobiga kursantlarni nazariy va amaliy tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish, oʻquv videofilmlari va elektron oʻquv modullari hisobiga taʼlim resurslari bazasini shakllantirish, professor-oʻqituvchilar va kursantlarning global axborot-huquqiy resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Xususan, institut Axborot resurs markazini “Elektron taʼlim” milliy tarmogʻiga begʻaraz asosda ulanishini, shuningdek Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondiga va yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlaridan uzluksiz foydalanish imkoniyat yaratiladi.

Shiddat bilan oʻzgarib borayotgan iqtisodiy-huquqiy voqelik zamonaviy pedagogdan doimiy ravishda oʻz ustida ishlashini, amaliyot bilan hamqadam va hamnafas boʻlishini talab etadi. Zero, malakali oʻqituvchigina yuqori taʼlim sifatini taʼminlay oladi. Aynan shu tufayli professor-oʻqituvchilar tarkibi yuqori darajadagi kasbiy va pedagogik mahoratga, shu jumladan bojxona organlarida amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislar bilan mustahkamlanadi, mutaxassislik fanlari oʻqituvchilarini bevosita bojxona organlarida muddati bir yilgacha boʻlgan maqsadli rotatsiya qilish amalga oshiriladi.

Institut bojxona organlari tizimida xizmatni olib borayotgan xodimlarni yuksak kasbiy mahoratini oshirish, bojxona faoliyatining tegishli sohalarida boshqaruv koʻnikmasini rivojlantirish kabi muhim vazifalarni ham bajaradi. Qaror bilan bojxona organlari rahbar kadrlarini tayyorlash uchun oʻqish muddati 3 oydan iborat boʻlgan “Bojxona menejmenti” oliy kurslari joriy etilganligi bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

Soha boʻyicha kursantlarda chuqur bilimlarni shakllantirish tizimini oʻqitishning zamonaviy innovatsion shakl va usullari, pedagogik texnologiyalarga asoslangan oʻquv-uslubiy taʼminotisiz tasavvur qilish qiyin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda institutda oʻqitiladigan fanlar va predmetlar boʻyicha yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalari tayyorlanadi.

Shuni alohida taʼkidlash zarurki, respublikada soha boʻyicha yagona taʼlim va ilmiy-metodik muassassa sifatida institutda bojxona nazoratini takomillashtirishga doir mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqotlar amalga oshiriladi hamda ilmiy ishlanmalarning natijalari oʻquv jarayoniga va bojxona amaliyotiga joriy etilishi taʼminlanadi. Bojxona ishining dolzarb muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, natijalarini chop etish uchun Institut huzurida “Oʻzbekiston bojxona axborotnomasi” davriy ilmiy jurnali faoliyat yuritadi.

Qarorda institut professor-oʻqituvchilarini moddiy ragʻbatlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shu maqsadda institut xodimlariga Davlat bojxona qoʻmitasining Maxsus jamgʻarma mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining 70 foizi miqdorida oylik ustama belgilandi.

Qaror bilan mustahkamlangan yana bir yangilik shundan iboratki, institut faoliyatidagi xalqaro hamkorlik yoʻnalishidagi ishlar kadrlar tayyorlash, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish va stajirovkasini oʻtkazishda sohaviy yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishga asoslanadi. Bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi xorijiy ixtisoslashtirilgan maʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etiladi.

Xulosa oʻrnida aytganda, mazkur hujjat bilan respublikamizda professional bojxona xodimlarini tayyorlaydigan taʼlim muassasasining nafaqat vazifalari, balki kadrlarni tayyorlash uslubiyoti ham tubdan oʻzgaradi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad innovatsion iqtisodiyot rivojlanib borayotgan, xalqaro hamkorlik tobora jadallashib borayotgan sharoitda mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashda zamonaviy iqtisodiy va huquqiy bilimlarga va keng dunyoqarashga ega bojxonachilar safini kengaytirishdan iboratdir.

Manzil: 100071, Toshkent shahri, Shayhontohur tumani, Qozirobod koʻchasi 2-tor koʻchasi 118 uy

Telefon: (+99871) 245-59-86

Faks: (+99871) 227-46-56

Institut boshligʻi - Ergashev Vosit Yoqubovich

Telefon: (+99871) 245-94-91

20.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing