Davlat bojxona qo‘mitasida 1993 yil oktyabr oyidan kinologiya xizmati tashkil etilgan. Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi 1996 yil 24 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining 364-son qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, kinologiya sohasi mutaxassislari va xizmat itlarini tayyorlovchi asosiy maskan hisoblanadi.
Markaz zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatilgan:
- O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari va boshqa xuquqni muhofaza qiluvchi idoralar kinologiya xizmatlarining uslubiy ta’minoti;
- kinologlarni turli yo‘nalishlar bo‘yicha kasbiy hamda xizmatga yangi qabul qilingan kinologlarni (yo‘nalishidan kelib chiqib, 2 oydan 6 oygacha) boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tkazish;
- kinologlarni muntazam ravishda malakasini oshirish, qayta tayyorlash (har bir kinolog biriktirilgan xizmat iti bilan har yili ikki haftalik o‘quv kursidan o‘tkaziladi);
- zotdor itlarni tanlab olish, nasl ko‘paytirish hamda ularni kinologiya xizmatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rgatish.
Markaz Toshkent shaxrining Sirg‘ali tumanida joylashgan bo‘lib, milliylik uyg‘unlashgan o‘ziga xos zamonaviy me’morchilik uslubida qurilgan bino va inshootlar majmuasi hamda manzarali daraxtlar va nafis gullar bilan obodonlashtirilgan so‘lim hududni tashkil etadi.
Markaz hududida ma’muriy bino, mehmonxona shaklidagi yotoqxona, jismoniy va jangovor tayyorgarlik majmuasi, itlar bilan turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazish maydoni, shuningdek xizmat itlari pitomnigi va ular bilan mashq o‘tkazish hamda o‘quv-uslubiyot va tahlil bo‘limlari, tug‘ruq bo‘linmasi va veterinariya xizmati joylashgan.
Markaz pitomnigi volerlar, ovqat tayyorlash uchun maxsus oshxona, xo‘jalik maydoni va itlarni cho‘miltirish joyidan iborat. Xizmat itlari pitomnigi muntazam ravishda chidamli va ishchan holatidagi a’lo sifatli zotdor itlar bilan to‘ldirib boriladi.
Tug‘ruq bo‘limi irishga ruxsat cheklangan bo‘lib, unda turli yoshdagi it bolalarini saqlash uchun volerlar, basseyn, trenajyorlar, sayr va o‘yin maydonchalari mavjud.
Markazdagi veterinariya bo‘limi xizmat itlariga veterinariya va profilaktika xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan, shu bilan birga laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish, tashxis qo‘yish, terapiya va jarrohlik operatsiyalarini mustaqil amalga oshirish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan.
O‘quv-uslubiyot va tahlil bo‘limida har bir yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv xonalari, kompyuter sinfi va kutubxona mavjud bo‘lib, kinologlarni nazariy o‘qitish, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, o‘quv jarayonlarini tashkillashtirish, takomillashtirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Markazning avto xo‘jaligi markaz faoliyati uchun zarur bo‘lgan maxsus transport vositalari, mehmonlar va xodimlarga xizmat ko‘rsatish uchun avtobus va yengil avtomobillar bilan jamlangan.
Markazda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha xizmat itlari tayyorlanadi:
1. Giyohvand moddalarni qidirish;
2. Portlovchi moddalar, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni topish;
3. Antiterror;
4. Iz-qidiruv faoliyati;
5. Himoya-qorovul xizmati;
6. Qidiruv-qutqaruv ishlari.
Shu bilan birga, yangi yo‘nalish bo‘lgan chet el valyutasini qidirib topishni o‘zlashtirish bo‘yicha xizmat itlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Markazda o‘rgatilayotgan xizmat itlarida turli sharoitlarda yuklatilgan vazifani bajarish ko‘nikmasini shakllantirish uchun real sharoitga maksimal darajada yaqinlashtirilgan infratuzilma yaratilgan.
Xususan, o‘rgatish maydonlariga konteynerlar, yengil va yuk avtoulovlari, avtobuslar, temir yo‘l vagonlari, kater, samolyot va boshqa o‘rgatish yelementlari maketlari o‘rnatilgan (sun’iy xarobalar, tog‘-toshli relef, bojxona nazoratidan o‘tkazish punkti, osma norvonlar, turli to‘siqlar hamda qidiruv mashqini o‘tkazish uchun alohida joy va trenajyorlar).
Markaz Davlat bojxona qo‘mitasining “Kinologiya xizmati” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga mas’ul bo‘lib, sohaviy nazorat yuritish, xususan, kinologlar jalb yetilgan bojxona ko‘riklari hamda xizmat itlarini qo‘llash natijalari bo‘yicha ma’lumot to‘plash va tahlil qilishda tizimdan samarali foydalanib kelmoqda.
Shu bilan birga, Markaz tomonidan amalga oshiriladigan teri ostiga elektron chiplar joylashtirish mexanizmi har bir xizmat iti to‘g‘risida individual xarakterdagi mufassal ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi.
Markazning yuqori malakali xodimlari ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq yetishda Avstriya, Fransiya, Latviya, Koreya, Rossiya kabi turli davlatlar kinologiya xizmatlari mutaxassislari bilan doimiy ravishda tajriba almashib kelmoqda.
Shuningdek, Markazda xalqaro loyihalar doirasida xorijiy davlatlar kinologiya xizmatlari vakillari ham o‘qitib kelinmoqda.
Bugungi kunda Markaz tomonidan kinologiya sohasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha 30 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlangan. Bundan tashqari, xizmat itlarini o‘rgatishda turli xizmat sharoitlarini qamrab olish uchun o‘quv modellari muntazam ravishda yangilab kelinmoqda.
Markaz turli darajalarda o‘tkazilayotgan musobaqa, ko‘rik va ko‘rgazmalarda munosib o‘rinlarni yegallab kelmoqda.
Ta’kidlash lozimki, 2008 yilda Markazga Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy kinologiya markazi maqomi berilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida unda yaratilgan infratuzilma hamda o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarining jahon standartlariga mos ekanligini isbotlaydi.
2010 yilda Jahon bojxona tashkilotining Bosh kotibi Kunio Mikuriya Markazga tashrifi chog‘ida uning faoliyatiga yuqori baho bergan.
O‘tgan davrda bojxona organlaria tomonidan xizmat itlari yordamida giyovandlik vositalari, psixotrop moddalar, qurol-yarog‘ va o‘q dorilarning noqonuniy aylanuvi bilan bog‘liq ko‘plab huquqbuzarliklar fosh etilgan.
Xizmat faoliyatidagi fidoiyligi, erishgan yutuqlari va samarali xizmatlari uchun 25 nafar bojxonachi-kinologlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga munosib topilgan.
Shuningdek, yuqori natijalarga erishgan kinologlar Davlat bojxona qo‘mitasi Rahbariyati tomonidan ham muntazam ravishda rag‘batlantirib kelinmoqda.
20.02.2018