Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona organlariga ishga va oʻqishga kirish istagidagi fuqarolar uchun maʼlumotlar
43528

Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari xizmatiga hamda ushbu tizimning yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar guruhi lavozimlariga ishga, shuningdek Bojxona institutiga oʻqishga kirish istagida boʻlgan fuqarolar uchun maʼlumot

Bojxona organlariga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar.

Bojxona organlariga bugungi kunda inspektor, kichik inspektor, kichik inspektor-kinolog lavozimlariga, xizmatchi, yordamchi va xizmat koʻrsatish guruhlariga ishchilar qabul qilinadi.

Bojxona organlari xizmatiga 18 yoshga toʻlgan, 30 yoshdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Bojxona organlari xizmatining inspektorlik va kichik inspektor-kinolog lavozimlariga muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, safarbarlik chaqiruv rezervida boʻlgan, harbiy kafedrada tahsil olgan yoki qonunchilik asosida harbiy xizmatni oʻtamagan nomzodlar qabul qilinadi.

Bojxona organlarining qoʻriqlash xizmatining kichik inspektor-soqchi (navbatchi) lavozimlariga nomzodlar muddatli harbiy xizmatni oʻtagan boʻlishlari talab etiladi.

Yordamchi va xizmat koʻrsatish guruhi ishchilarining majburiy harbiy xizmatni oʻtagan boʻlishi talab etilmaydi.

Bojxona organlarining inspektorlik lavozimiga nomzodlar oliy maʼlumotli, huquqshunos yoki iqtisodiy yoʻnalishlardagi mutaxassisliklarga (moliyachi, buxgalter, bojxona ishi, bank ishi, soliq, biznesni boshqarish, marketing) boʻlishi talab etiladi.

Kichik inspektor-soqchi (navbatchi) lavozimiga nomzodlar oʻrta yoki oʻrta-maxsus maʼlumotga ega, kichik inspektor-kinolog lavozimiga nomzodlar oʻrta-maxsus maʼlumotga ega kinolog, it oʻrgatuvchi instruktor, veterinar, zootexnik mutaxassisliklariga ega boʻlishi talab etiladi.

Kichik inspektor-soqchi (navbatchi) va kichik inspektor-kinolog lavozimlariga mutaxassisligi boʻyicha amaliy ish tajribasi bor yoki muddatli harbiy xizmati davrida stajga ega boʻlgan nomzodlarga tanlovda ustuvorlik beraladi.

Bojxona organlarining yordamchi va xizmat koʻrsatish guruhi texnik va xoʻjalik ishlari lavozimlariga (bogʻbon, farrosh, santexnik, hovlibon va ishchi) umumiy oʻrta maʼlumotga ega nomzodlar ishga olinadi.

Idoraviy texnik yordamchi lavozimlariga oliy maʼlumotli huquqshunos yoki iqtisodiy yoʻnalishlardagi mutaxassisliklarga ega nomzodlar bojxona organlarining inspektorlik lavozimiga zahira sifatida qabul qilinishi mumkin.

Bojxona organlariga nomzodlar tanlov asosida qabul qilinadi. Nomzodlar bojxona organlarida mavjud boʻsh lavozimlardan kelib chiqqan holda xizmatga (ishga) olinadi.

Bojxona organlarida boʻsh lavozim boʻlmaganda yoki mavjud boʻsh lavozimga nomzodlar tanlanib boʻlingan boʻlsa, murojaat qiluvchilar nomzodlar zaxirasiga kiritiladi.

Tanlov shartlari bilan hududiy bojxona boshqarmalarining Kadrlar xizmati orqali tanishish mumkin.

Quyida bojxona organlariga kirish istagi boʻlgan fuqarolar uchun savol-javob tarzida qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim qilinmoqda:

1. Bojxona organlariga ishga kirish uchun qayerga va kimga murojaat qilish lozim?

Bojxona organlariga ishga kirish istagi bor fuqarolar oʻzlari yashayotgan va doimiy roʻyxatda turgan hududdagi bojxona organlarining Kadrlar xizmatlariga murojaat qilishlari mumkin.

Murojaat etish vaqtida ish turi, kasb yoʻnalishini aniqlab olish zarur boʻladi. Masalan, bojxona posti inspektori, Oliy harbiy bojxona instituti aniq yoki ijtimoiy fanlar oʻqituvchisi, Milliy kinologiya markazi kinologi, veterinari, moliya-iqtisodiyot boʻlimlari hisobchisi, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhi inspektori va h.k.z.

2. Men istiqomat qilayotgan hududdagi bojxona organlari manzilini qayerdan bilish mumkin?

Siz istiqomat qilayotgan hududdagi bojxona organlari manzilini Davlat bojxona qoʻmitasining internetdagi customs.uz saytidan hamda quyidagi roʻyxatdan bilishingiz mumkin:

Bojxona organi

Manzil, telefon, faks, elektron pochta

DBQ Markaziy apparati

Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Oʻzbekiston shoh koʻchasi 3-uy. Telefon operator orqali: 120-76-00 (ichki 22-09, 22-21) yoki avtooperator orqali 120-76-15 info@customs.uz

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Nukus shahri Turon koʻchasi 57-uy. Telefon (361) 224-01-19. Faks (361) 224-01-25 nukus@customs.uz

Andijon

Andijon shahar A.Yuldashev koʻchasi 48-uy. Telefon (374) 228-48-39. Faks (374) 228-48-40 andijan@customs.uz

Buxoro

Buxoro shahar B.Naqshband koʻchasi 352-uy. Telefon (365) 770-06-36. Faks (365) 770-06-31 bukhara_customs@exat.uz

Jizzax

Jizzax shahri “Toshkent” koʻchasi 5-uy. Telefon (372) 504-49-93. Faks (372) 223-26-90 jizzax@customs.uz

Qashqadaryo

Qarshi shahri A.Navoiy shoh koʻchasi 3a-uy. Telefon (375) 221-14-18. Faks (375) 221-05-01 qarshi@customs.uz

Navoiy

Navoiy shahri Gʻalaba shoh koʻchasi 176a-uy. Telefon (436) 223-08-65. Faks (436) 223-87-87 navoiy@customs.uz

Namangan

Namangan shahri, Irrigator koʻchasi, 2a-uy. Telefon (369) 234-11-16. Faks (369) 2343224 namangan@customs.uz

Samarqand

Samarqand shahri Farxod koʻchasi 34a uy. Telefon (366) 234-01-39. Faks (366) 234-26-26 samarqand@customs.uz

Sirdaryo

Guliston shahar, 1-mavze, Abduraxmanov koʻchasi 7-uy. Telefon (367) 225-48-67 Faks (367) 227-89-45 sirdaryo_customs@exat.uz

Surxondaryo

Termiz shahri Sulton Saodat koʻchasi 286-uy. Telefon (376) 225-24-51 Faks (376) 225-26-05 termiz@customs.uz

Toshkent viloyati

Toshkent viloyati, Nurafshon shahri, Toshkent yoʻli koʻchasi, 63-uy. Telefon: (70) 202-86-00, Faks: (70) 202-86-10 toshkent_viloyati@customs.uz tashobl_customs@exat.uz

Toshkent shahri

Toshkent shahri Bunyodkor shoh koʻchasi, 35-uy. Telefon (371) 120-76-76. Faks (371) 120-76-74 toshkent_shahri@customs.uz

"Toshkent-AERO" IBK

Toshkent shahri Sirgʻali tumani “Toshkent” xalqaro aeroporti. Telefon (55) 502-86-30. Faks (3712) 255-83-89. toshkent_aero@customs.uz

Xorazm

Xorazm viloyati Urganch shahar J.Manguberdi koʻchasi 95-uy. Telefon (362) 224-59-20. Faks (362) 224-59-15. xorazm@customs.uz

Farg'ona

Fargʻona shahri, Al-Fargʻoniy koʻchasi, 52a-uy Telefon (373) 244-67-31 Faks (373) 244-67-32. fergana@customs.uz

Milliy kinologiya markazi

Toshkent shahri, Sirgʻali tumani Qipchoq koʻchasi 2-tor koʻcha 9-uy. Telefon (371) 258-63-22. Faks (371) 258-75-99 mkm@customs.uz

Bojxona instituti

Toshkent shahri, Shayxontoxur tumani, Qozirobot koʻchasi 2-tor koʻcha, 118-uy. Telefon (371) 245-59-86. Faks (371) 227-46-56 ohbi.uz

 

3. Kadrlar xizmatlarining ish vaqti haqida maʼlumotni qayerdan olish mumkin?

Bojxona organlarining Kadrlar xizmatlari ish vaqti har kuni (yakshanbadan tashqari) soat 09:00 dan 18:00 ga qadar belgilangan.

4. Bugungi kunda qaysi ish oʻrinlariga asosan ishga olinmoqda?

Bugungi kunda aksariyat nomzodlar chegara va tashqi iqtisodiy bojxona postlari inspektorlik lavozimlariga qabul qilinmoqda. Nomzodlar boʻsh lavozim mavjudligiga qarab xizmatga qabul qilinmoqda yoki boʻsh lavozim paydo boʻlguniga qadar nomzodlar zaxirasiga kiritiladi.

Chegara bojxona posti – respublikamizning chegara oʻtish punktlarida, aeroportlarida, temiryoʻl vokzallarida faoliyat yuritib, yoʻlovchi, transport vositalari va yuklarni bojxona nazoratini amalga oshiradi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti – respublikamiz tashqi savdo yuklari kelib tushadigan va saqlanadigan maskanlarida faoliyat yuritib, import, eksport va tranzit yuklarni bojxona nazoratini amalga oshirish, oʻrnatilgan tartibda bojxona toʻlovlari (boj, qoʻshimcha qiymat soligʻi, aksiz, yigʻimlar) undirishni amalga oshiradi.

5. Bugungi kunda bojxona organlariga qanday mutaxassislikka ega nomzodlar ishga qabul qilinadi?

Bugungi kunda oliy maʼlumotli, iqtisodiy, yuridik mutaxassisliklarga ega, moliyachi, buxgalter, bojxona ishi, bank ishi, soliq, biznesni boshqarish, marketing kabi mutaxassislikka ega nomzodlar ishga qabul qilinadi.

Shuningdek, aeroport va xorijiy fuqarolar harakati koʻp boʻlgan chegara bojxona postlaridagi mavjud boʻsh lavozimlaridan kelib chiqib, mutaxassisligi boʻyicha chet tillaridan birida (ingliz, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy) suhbatlasha oladigan, yoza oladigan va tushuntirib bera oladigan mutaxassislar ham ishga qabul qilinishi mumkin.

6. Qaysi oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari ishga kirish istagida bojxona organlariga murojaat qiladilar?

Masalan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Jahon iqtisodiyot va diplomatiya universiteti va respublikamizning iqtisodiy va yuridik mutaxassislik boʻyicha bitiruvchilarni tayyorlab beruvchi oliy oʻquv yurtlari.

7. Bojxona organlariga ishga kirishda tanlov mavjudmi?

Ha, mavjud. Boʻsh munosib lavozim boʻlganida, nomzodning hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgach, bojxona organlarining tegishli xizmatlari masʼul xodimlari bilan suhbat oʻtkaziladi (yoki kollegial tarzda komissiya suhbatidan oʻtadilar). Faqat tanlangan nomzodlar ishga olinadilar. Tanlov shartlarini Kadrlar xizmatlaridan bilish mumkin.

Yordamchi va ishchi toifasidagi xodimlar Mehnat kodeksi talablari asosida mahalliy shifoxonalarda koʻrikdan oʻtib, sogʻligi haqida tibbiy maʼlumotnoma taqdim qiladilar.

8. Nomzodning sogʻligiga nisbatan cheklov mavjudmi?

Nomzodlar jismonan sogʻlom boʻlishi lozim. Nomzodlar harbiy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Koʻrikda yaroqsiz deb topilganlar ishga olinmaydi.

9. Nomzodlar chet tillaridan birini bilishi majburiymi?

Majburiy emas, biroq tanlov vaqtida bunga eʼtibor beriladi.

10. Bojxona organlariga ishga kirishda majburiy harbiy xizmatni oʻtagan boʻlish shartmi?

Nomzodlar harbiy xizmatni oʻtagan, safarbarlik chaqiruv rezervida boʻlgan, harbiy kafedrada oʻqigan yoki qonunchilik asosida majburiy harbiy xizmatni oʻtamagan boʻlishi mumkin.

Yordamchi va ishchi toifasidagi xodimlar Mehnat kodeksi talablari asosida koʻrib chiqiladi.

11. Nomzodlarga yosh boʻyicha cheklovlar mavjudmi?

Ha mavjud. Masalan, mansabdor shaxslar (tushunarli boʻlishi uchun asosiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi harbiylashgan kiyimboshda yuruvchi xodimlarimiz) yoshi 18 ga toʻlgan, 30 yoshdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlishlari lozim. Yordamchi va ishchi toifasidagi xodimlarga cheklov oʻrnatilmagan.

Bojxona institutiga oʻqishga kirmoqchi boʻlganlar:

- oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi maʼlumotiga ega boʻlgan;

- harbiy xizmatni oʻtamagan 17 yoshdan 21 yoshgacha (qabul yilida 17 yoshga toʻladiganlar) boʻlgan;

- harbiy ofitserlar tarkibi unvonlariga ega boʻlmagan harbiy xizmatchilar yoki harbiy xizmatni oʻtagan 18 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari.

- yigitlar uchun boʻy 170 smdan (qiz bolalar uchun 165 sm) past boʻlmasligi lozim.

12. Men Navoiy shahrida doimiy istiqomat qilaman. Navoiy viloyati bojxona boshqarmasiga murojaat etsam, oʻsha yerda ishlaymanmi?

Boʻsh munosib lavozim boʻlsa, ha. Ammo, boʻsh lavozim boʻlmaganida, nomzod (shuningdek uning yaqinlari) roziligi bilan respublikaning boʻsh lavozim boʻlgan boshqa bojxona organiga (viloyatlarga) yuborilishi mumkin.

Shuni ham nazarda tutish kerakki, bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi, harbiylashtirilgan organ. Nomzod ishga kirishida respublikaning har qanday hududida ishlash majburiyati olinadi.

Ushbu qoidalar mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan yordamchi va texnik ishchilarga tatbiq etilmaydi (duradgor, elektrik, bogʻbon, hovlibon, farrosh, chilangar, ish yurituvchi, komendant, omborchi va x.k.z.)

13. “Toshkent-AERO” IBK tuzilmasi qanday tuzilma?

Toshkent xalqaro aeroporti xorijiy yoʻlovchilar va yuklarni tashuvchi havo kemalarini qabul qiluvchi eng yirik va asosiy aeroport hisoblanadi. Toshkent xalqaro aeroportiga kelgan yoʻlovchilar va yuklarni bojxona rasmiylashtiruvi aynan “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida amalga oshiriladi.

14. Maʼlumot darajasi magistr yoki bakalavr boʻlishi talab etiladimi?

Faqat Bojxona institutiga oʻqituvchilik lavozimiga nomzodlar magistr boʻlishi talab etaladi. Qolgan lavozimlarga talab etilmaydi.

15. Muayyan ixtisoslik va kasb turini talab etadigan lavozimlar qaysilar?

Bunday lavozimlarni bilish uchun Kadrlar xizmatlariga murojaat qilib bilish mumkin boʻladi. Chunki, shtatlar cheklanganligi bois, ularning boʻsh boʻlishi (vakant) kam hollarda kuzatiladi. Mansabdor shaxslar toifasida bunday lavozimlarga axborot tizimlari dasturchilari, quruvchilar, jurnalistlar, kinologlar, buxgalterlar, oʻqituvchilar, kimyogarlar, tibbiyot xodimlari. Yordamchi va texnik ishchilar toifasida - duradgor, elektrik, bogʻbon, santexnik, chilangar, avtochilangar, avtomexanik, issiqlik qozonxonasi operatori.

16. Davlat bojxona qoʻmitasining Markaziy apparati boʻsh lavozimlariga ishga kirish uchun kimga murojat qilish lozim?

Davlat bojxona qoʻmitasining Markaziy apparati boʻsh lavozimlariga ishga kirish uchun qoʻmitaning Kadrlar bosh boshqarmasiga murojaat qilish lozim. Shuni inobatga olish kerakki, Markaziy apparatga asosan bojxona organlarida 2-3 yil ishlab tajribaga ega boʻlgan bojxona xodimlariga ustunlik beriladi. Yordamchi va ishchi toifasidagi boʻsh lavozimlarga bunday talab qoʻyilmaydi.

17. Oliy harbiy bojxona institutiga oʻqishga kirish tartibi bilan tanishish mumkinmi?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash” toʻgʻrisidagi 141-sonli qarori hamda Adliya vazirligidan 2015-yil 5-mart kuni 2659-raqam bilan roʻyxatdan oʻtgan “Oliy harbiy bojxona institutiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” bilan tanishish lozim. Bundan tashqari, bojxona organlarining Kadrlar xizmatlaridan maʼlumot olish mumkin.

Shuni unutmaslik kerak-ki, nomzod Institutga qabul qilinsa va oʻqishni tamomlaganidan soʻng 5 yil muddat davomida oʻz xohishiga koʻra yoki Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining Intizomiy ustaviga asosan bojxona organlaridan boʻshatilsa yohud sodir etilgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilsa ulardan oʻqitishga sarflangan byudjet mablagʻlari undirib olinadi.

! Shunga eʼtibor qaratish lozimki, Oliy harbiy bojxona institutiga oʻqish istagidagi abituriyentlar 1-fevraldan 1-aprelga qadar ariza bilan bojxona organlarining Kadrlar xizmatlariga murojaat qilishlari lozim. Belgilangan muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar qabul qilinmaydi.

18. Boshqa organlardagi kabi bojxona organlarida ham asosiy ishda ishlaydigan mutaxassislar, boshqaruvchilar hamda texnik ishni amalga oshiruvchi yordamchi va ishchilar ishlaydimi?

Xuddi shunday. Bojxona organlarida huquqni muhofaza qiluvchi organ ekanligi sababli, muayyan majburiyat va huquqqa ega boʻlgan mansabdor shaxslar hamda yordamchi va xizmat koʻrsatish guruhi ishchilari ishlaydi. Mansabdor shaxslar harbiyga tenglashtirilgan kasb boʻlib, alohida tartib, qoidalar bilan tartibga olinadi. Yordamchi va xizmat koʻrsatish guruhi ishchilari bilan mehnat munosabatlari Mehnat Kodeksi asosida tartibga solinadi.

19. Bojxona organi mansabdor shaxsi bilan yordamchi va texnik ishchilar toifalari orasida farq nimada?

Bojxona organlari mansabdor shaxslari deganda, asosiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi harbiylashgan kiyimboshda yuruvchi xodimlarimiz tushuniladi. Ular bojxona organlarida xizmat olib boradilar. Ularga lavozimi va xizmat yillariga muvofiq maxsus unvon beriladi. Xizmatni oʻtash tartibi, shart va talablar harbiylar kabi alohida nizom va qoidalar bilan tartibga solinadi.

Yordamchi va texnik ishchilar - asosiy faoliyatga bevosita bogʻliq boʻlmagan xoʻjalik va idoraviy ishlar bilan shugʻullanuvchilar (EXM operatori, yordamchi, mutaxassis, texnik, bogʻbon va x.zo) tushuniladi. Ular bilan mehnat munosabatlari Mehnat Kodeksi, Kasaba uyushmasi va ish beruvchi oʻrtasidagi jamoat shartnomalari shartlari asosida tartibga solinadi.

20. Mansabdor shaxslar va yordamchi ishchi xodimlarning ish haqlari miqdorini bilish mumkinmi?

Ish haqi miqdori har bir lavozim va ishning turiga qarab aniqlanadi. Taxminiy miqdorni bilish uchun Kadrlar boʻlimlariga murojaat qilish lozim boʻladi. Bojxona organlarida boshqa davlat organlari kabi Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash qonunchiligida belgilangan miqdorlarga amal qilinadi.

21. Agar men pedagogik tajribaga ega boʻlsam va shu kasbni davom ettirish istagida boʻlsam, bojxona organlarida menga ham ish topiladimi?

Ha albatta. Bojxona organlari tarkibida Bojxona instituti faoliyat olib boradi. Sizning mutaxassisligingiz, tajribangiz ilmiy darajangizga munosib boʻsh lavozim boʻlsa, koʻrib chiqiladi. Institut bojxona organlari uchun bakalavr darajasidagi bojxona huquqi va bojxona ishi mutaxassisliklari boʻyicha mutaxassis tayyorlab beradi.

22. Oliy harbiy bojxona institutiga oʻqituvchilikka ishga kirishda talablar umumiy talablardan farqlanadimi?

Ishga kiruvchilar uchun umumiy talablar Bojxona institutiga oʻqituvchilikka kiruvchi nomzodlarga tatbiq etiladi.

Pedagogik va ilmiy-tadqiqot qobiliyati, ilmiy darajasi yuzasidan qoʻshimcha talablar qoʻyilishi mumkin.

23. Harbiy mutaxassislikka ega yoki harbiy sohada ish stajiga ega kadrlar ham bojxona organlariga olinadimi?

Oliy harbiy bojxona institutiga tinglovchilarning harbiy tarbiyasini shakllantirish, xarbiy nizomlarga rioya qilishga oʻrgatish, safda turish va yurishini mashq qildirish, shuningdek harbiy safarbarlik va favqulodda harakat qilish, jangovar shaylikni taʼminlash yoʻnalishida bojxona organlarida boʻsh lavozim boʻlganida koʻrib chiqilishi mumkin.

24. Mening yoshim 18 da. Akademik litseyni tamomlash arafasidaman. Kelgusida bojxona organlarida ishlash istagim bor. Bojxona institutiga oʻqishga kirib uni tamomlasam, bojxona xodimi boʻla olamanmi?

Ha albatta. Bojxona organlari tarkibida Bojxona instituti faoliyat yuritib, bojxona organlari uchun bakalavr darajasidagi bojxona huquqi va bojxona ishi mutaxasisliklari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlab beradi.

25. Bojxona organlari mansabdor shaxslari lavozimiga nomzodlar bilan suhbatda qanday savollar berilishi mumkin?

Nomzodlar bilan suhbatda quyidagilarga eʼtibor qaratiladi:

-oʻz mutaxassisligini yaxshi bilishi;

-amaliy tajribaga ega boʻlsa, ishni tartibga soluvchi hujjatlarni;

-Oʻzbekiston tarixini;

-Oʻzbekiston hududida yashab oʻtgan mashhur tarixiy shaxslarni (davlat arboblari, adabiyot, sanʼat, fan) hayoti va ijodini;

-Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning asarlarini;

-davlatimiz suverenitetini ifoda etuvchi ramzlarini (puli, gerbi, madhiyasi, mustaqillik asoslari);

-Oʻzbekiston Republikasi Konstitutsiyasini;

-davlat boshqaruv shaklini;

-tashqi siyosat prinsiplarini;

-iqtisodiy rivojlanishda tanlangan yoʻlni;

-yuridik va iqtisodiy atamalarni.

26. Xizmat itini tayyorlovchi va bojxona postlaridagi kinologlarga qanday talablar qoʻyiladi?

Bojxona organlariga xizmat itlari Milliy kinologiya markazida tayyorlanadi. Instruktorlik lavozimlariga 18-30 yoshdagi kinologlar, xizmat itlari instrukturlari, veterinarlar, zootexniklar tanlov asosida, boʻsh lavozimdan kelib chiqib olinadi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatda kinolog lavozimlarda xizmat qilgan nomzodlar ham koʻrib chiqiladi.

 

23.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing