Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi boʻyicha tushuntirish
5969

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2016-yil 6-aprelda 2773-son bilan roʻyxatdan oʻtgan Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma talablari asosida BYUDni toʻldirish boʻyicha tushuntirishlar
2016-yil 21-aprel kunidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2016-yil 6-aprelda 2773-son bilan roʻyxatdan oʻtgan Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (bundan boʻyon mantda – Yoʻriqnoma deb yuritiladi) kuchga kirishi munosabati bilan amaliyotda BYUDning ayrim grafalarini toʻldirish tartibi boʻyicha baʼzi bir savollar yuzaga kelmoqda. Mazkur savollarga javob berish, Yoʻriqnomaning amaliyotda bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash, kelgusida BYUD grafalarini toʻldirishda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xato va kamchiliklarning oldini olish maqsadida quyida BYUDni toʻldirish boʻyicha ayrim tushuntirishlar beriladi.

1. Yoʻriqnomaning 11-bandiga koʻra, “tovarning kuzatuv hujjatlarida shaxslar, tovarlar, transport vositalari nomlanishlari va boshqa maʼlumotlarning lotin yoki boshqa (arab, xitoy va h. k.) alifbolar harflarida yozilganligi holatlari uchrasa, u holda bunday maʼlumotlar BYUDda lotin alifbosi harflari bilan, kirill alifbosidagi nomlanishlar kirill alifbosi harflari bilan yoziladi”.

Masalan: shaxsning nomi — “Central global cargo Gmbh”, “Xinjiang zhongtai chemical Co., LTD”, “Magnitogorskiy metallurgicheskiy kombinat”, Kupriyanov Igor Mixaylovich;

avtotransport vositasi nomi — texnik vosita pasporti yoki rasmiy spravochniklarga muvofiq — “Toyota land cruiser”, “BMW 523i”, “MAN”, “KAMAZ”, “MAZ”;

tovar nomi — “Mars”, “Adidas”, “Alyonka”, “Russkoye pole”.

Soʻnggi yillarda dunyoda, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqning himoyasiga alohida eʼtibor ajratiloqda. Bu narsa Bojxona kodeksining 56-bobida (Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish) ham oʻz aksini topgan. Ushbu bandning Yoʻriqnomaga kiritilishi Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish borasida bojxona organlarga yuklatilgan vazifalarni toʻlaqonli bajarishga, bundan tashqari BYUDdan TIF qatnashchilari, tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida toʻliq va aniq maʼlumot olishga yordam beradi.

2. Eksport bojxona rejimida tovarning yuk joʻnatuvchi tomonidan ishlab chiqarilganligi yoki u tomonidan ishlab chiqarilmaganligi toʻgʻrisidagi belgi (tegishlicha “1” yoki “0”), Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimida esa tovar yukni qabul qiluvchining oʻz ehtiyoji uchun moʻljallanganligi yoki oʻz ehtiyoji uchun moʻljallanmaganligi toʻgʻrisidagi belgi (tegishlicha “1” yoki “0”) BYUDning 1-grafasi 3-boʻlmasida emas, balki 43-grafasida koʻrsatilishiga eʼtibor berish lozim.

3. Eksport bojxona rejimida BYUDning 2-grafasini (Eksportchi/yukni joʻnatuvchi) hamda Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimida BYUDning 8-grafasini (Importchi/yukni qabul qiluvchi) toʻldirish tartibida jiddiy oʻzgarishlar boʻlganligiga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Ushbu oʻzgarishlarga asosan:

- eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilayotgan tovarlar boʻyicha BYUDni toʻldirishda tovarlarning eksportchisi va yukni joʻnatuvchi turli shaxslar boʻlsa, yaʼni joʻnatuvchi tovarni eksportchi yoki boshqa shaxsning topshirigʻiga asosan joʻnatayotgan boʻlsa, yoxud shunga oʻxshash boshqa holatlarda BYUDning 2-grafasida grafada avval eksportchining (tovarni yetkazib berish toʻgʻrisida topshiriq bergan shaxsning) qisqacha nomi, soʻngra joʻnatuvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi. Bunda BYUDning 2-grafasini toʻldirish Yoʻriqnomaning 22-bandi 2-kichik bandi talablariga asosan amalga oshirilishi lozim;

- erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimida BYUDni toʻldirishda agar importchi va yukni qabul qiluvchi turli shaxslar boʻlsa, yaʼni qabul qiluvchi tovarni importchi yoki boshqa shaxsning topshirigʻiga asosan qabul qilib olayotgan boʻlsa, yoxud shunga oʻxshash boshqa holatlarda BYUDning 8-grafasida avval importchining (tovarni qabul qilib olish toʻgʻrisida topshiriq bergan shaxsning) qisqacha nomi, soʻngra qabul qiluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi. Bunda BYUDning 8-grafasini toʻldirish Yoʻriqnomaning 25-bandi 6-kichik bandi talablariga asosan amalga oshirilishi lozim.

Shuningdek, tovarlarni Vaqtinchalik saqlash (IM70) va Bojxona ombori (IM74) bojxona rejimlariga joylashtirishda tovarning importchisi (moliyaviy tartibga soluvchi shaxs, yakuniy isteʼmolchi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmasligi mumkin, shu sababli ushbu rejimlarda BYUDning 8-grafasini toʻldirishda tovarlar importchisi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart emas.

4. Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimida BYUDning 18-grafasini (Joʻnatish/yetkazib berish vaqtidagi transport vositasi) toʻldirishda shunga eʼtibor berish lozimki, Yoʻriqnomaning 25-bandi 14-kichik bandiga asosan 18-grafada tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududi boʻylab tashigan, yaʼni tovarni Oʻzbekiston chegarasidagi oʻtkazish punktidan bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona organiga yetkazib bergan transport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.

Masalan, tovar Braziliyada dengiz transportiga yuklandi. Keyinchalik Rossiyada temir yoʻl transportiga qayta yuklanib, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasini temir yoʻl transportida kesib oʻtdi va “Karakalpakiya” stansiyasiga kelib tushdi. “Karakalpakiya” stansiyasida tovar avtotransportga qaty yuklandi va “Arkbuloq” bojxona postiga yuborildi. “Arkbuloq” bojxona postda tovar maʼlum bir bojxoa rejimiga joylashtirilmoqda (vaqtinchalik saqlash, bojxona ombori, erkin muomalaga chiqarish va h.k.). Ushbu holatda BYUDning 18-grafasida avtotransport vositasi haqida maʼlumot koʻrsatiladi.

5. Shuningdek, BYUDning 20-grafasini (Yetkazib berish shartlari) toʻldirish tartibida ham ayrim oʻzgarishlar boʻlganligini taʼkidlab oʻtish lozim. Jumladan, ushbu grafada tovarlarni yetkazib berish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatishda bundan boʻyon tovarlarni yetkazib berish shartining raqamli va harfli kodi, yetkazib berish geografik punkti bilan bir qatorda, ushbu geografik punkt joylashgan mamlakatning harfli kodi, agar yetkazib berish punkti ikki mamlakat chegarasida joylashgan boʻlsa mazkur ikkita mamlakatning harfli kodlari ham koʻrsatilishi belgilangan. Ushbu oʻzgartirish tovarlarning statistik qiymati toʻgʻri belgilash, amaliyotda bu borada yuzaga kelayotgan ayrim munozarali holatlarga barham berish maqsadida kiritilgan.

6. Yoʻriqnomada qoʻshimcha ravishda 30-grafaning toʻldirilishi belgilangan. Ushbu grafada BYUDni taqdim etish vaqtida tovarlar nazorati ostida turgan bojxona postining kodi (tovar avval bojxona rejimiga joylashtirilmagan boʻlsa bojxona koʻrigini amalga oshiradigan post yohud vaqtinchalik saqlash yoki bojxona ombori rejimlariga joylashtirgan post) hamda BYUDni taqdim etish vaqtida tovarlar turgan joy haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.

Agar BYUDni taqdim etish vaqtida tovar bojxona omborida turgan boʻlsa, tovar vaqtinchalik saqlash yoki bojxona ombori bojxona rejimlariga joylashtirilgan yoki ushbu bojxona rejimlariga joylashtirilmaganligidan qatʼiy nazar bojxona omborini taʼsis etish uchun berilgan litsenziya raqami va sanasi koʻrsatiladi.

7. BYUDning 31-grafasini (Yuk joylari va tovar tavsifi) toʻldirilishi tartibiga alohida eʼtibor qaratilishi lozim. Ushbu grafaga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar tovar toʻgʻrisida imkon qadar toʻliq va toʻgʻri maʼlumot olishga qaratilgan. BYUDning 31-grafasidagi maʼlumotlar tovarning TIF TN kodining toʻgʻri belgilanishiga, bojxona qiymati toʻgʻri belgilanishi va bojxona toʻlovlarining toʻgʻri hisoblanishiga, tovarlarni olib kirish va olib chiqishga doir taʼqiq va cheklovlarga rioya etilishiga bevosita bogʻliqligini eʼtiborga olib, mazkur grafa Yoʻriqnoma talablariga qatʼiy rioya etilgan holda toʻldirilishi muhim ahamiyatga ega. Yoʻriqnomada BYUDning 31-grafasida tovarning nomi, tovar belgisi, markasi, modeli, brendi, artikullari, navlari, standartlari va boshqa texnik va tijoriy tavsiflari, tovarning miqdoriy va sifat tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, markirovkalari, oʻramlari, tovar tashilgan konteynerlar hamda tovar boʻyicha bojxona toʻlovlari hisoblanishi, iqtisodiy siyosat choralarining qoʻllanilishi uchun zarur boʻlgan koʻrsatkichlari va tovar haqidagi boshqa maʼlumotlar batafsil koʻrsatilishi belgilangan.

Shuningdek, BYUDning 31-grafasini toʻldirishda quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim:

a) BYUDning 31-grafasida “1”, “2”, “4”, “5” tartib raqamlari ostida ostida koʻrsatiladigan maʼlumotlar, 31-grafa detalizatsiyasida emas, balki elektron BYUDda bevosita tovar haqida umumiy maʼlumotlarni kiritish uchun ajratilgan maydonchada koʻrsatiladi. Kelgusida Yoʻriqnoma talablaridan hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarda kelib chiqqan holda BYUD 31-grafasi tuzilmasi takomillashtirilishi mumkin;

b) 31-grafaning pastki chap burchagida eksportda tovar ishlab chiqaruvchisining yoki importda tovar isteʼmolchisining KTUT kodi koʻrsatiladi. Agar tovar ishlab chiqaruvchisi yoki isteʼmolchisi nomaʼlum boʻlsa, yoki ular bir nechta boʻlsa, eksportda eksportchining yoki importa importchining KTUT kodi koʻrsatiladi. Eksportyor yoki importyor deganda moliyaviy tartibga solish uchun javobgar shaxs (kontrakt egasi), yuk joʻnatuvchiga yukni joʻnatish, yukni qabul qiluvchiga yukni qabul qilish toʻgʻrisida topshiriq bergan shaxsni tushunish lozim.

8. BYUDning 36-grafasini (Preferensiya) toʻldirishda:

a) agar import qilinayotgan tovarga nisbatan Savdo iqtisodiy munosabatlarda eng koʻp qulaylik berish rejimi berish toʻgʻrisidagi bitim doirasida preferensiya berilayotgan (import bojxona boji belgilangan stavka boʻyicha undirilayotgan) boʻlsa, bunday holatda bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar hisoblanmaganligi sababli import bojxona bojini toʻlash xususiyatining kodi – “O” koʻrsatiladi;

b) agar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlariga asosan tovarga nisbatan aksiz soligʻi stavkasi belgilanmagan boʻlsa aksiz soligʻini toʻlash xususiyati kodi – “O” koʻrsatiladi;

v) agar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq tovarga nisbatan “0” stavkada bojxona toʻlovlari belgilangan boʻlsa, tegishli bojxona toʻlovini toʻlash xususiyatining kodi – “O” koʻrsatiladi;

g) import qilinayotgan tovarga nisbatan Erkin sado zonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi Bitim doiraida preferensiya qoʻllanilayotgan boʻlsa (tovar import bojxona bojini toʻlashdan ozod etilayotgan boʻlsa):

- import bojxona bojini toʻlash xususiyatining kodi ­– “Ye” koʻrsatiladi;

- import bojxona boji boʻyicha berilgan preferensiyadan kelib chiqqan holda, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha ham qisman imtiyozlar hisoblanganligi sababli QQSni toʻlash xususiyatining kodi ham - “Ye” koʻrsatiladi;

d) tovarlarni Bojxona kodeksiga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etiladigan yoki shartli ozod etiladigan bojxona rejimlariga joylashtirishda (masalan, bojxona ombori, bojxona hududida qayta ishlash, reeksport va h.k.) bojxona toʻlovlarini toʻlash xususiyatining kodi – “O” koʻrsatiladi;

ye) tovarlarni eksport bojxona rejimiga muvofiq olib chiqishda bojxona toʻlovlarini toʻlash xususiyatining kodi – “O” koʻrsatiladi.

9. BYUDning 37-grafasini (Protsedura) toʻldirishda:

- mahsulotlarni taqsimlash boʻyicha bitimlar (soglasheniya o razdele produksiy - SRP) doirasida olib oʻtilayotgan tovarlar boʻyicha tovarlarni olib oʻtish xususiyati kodi – “062” koʻrsatiladi;

  • vaqtinchalik olib kirish yoki vaqtinchalik olib chiqish bojxona rejimlariga joylashtirilayotgan hamda vaqtinchalik olib kirish bojxona rejimidan soʻng qaytarib olib chiqib ketilayotgan yoki vaqtinchalik olib chiqish bojxona rejimidan soʻng qaytarib olib kirilayotgan tovarlar boʻyicha ularning muddatiga qarab tegishlicha “023”, “024”, “123”, “223”, “124”, “224” olib oʻtish xususiyatlari kodlaridan biri qoʻyiladi.

10. Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimida BYUDning 40-grafasini toʻldirish tartibiga ham ayrim oʻzgartirishlar kiritilgan. Jumladan:

- tovarlar bayon etilayotgan bojxona rejimidan avval boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan boʻlsa, grafada tovarlarni avvalgi bojxona rejimiga joylashtirish uchun asos boʻlgan BYUD haqida;

- tovarlarga nisbatan avval BYUD taqdim etilmagan boʻlsa, grafada tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun ichki bojxona organiga yetkazib berish uchun asos boʻlgan yetkazib berishni nazorat qilish hujjatlari (yukni yetkazib berishni nazorat qilish kitobchasi, MDP kitobchasi) haqidagi maʼlumotlar Yoʻriqnomada belgilangan tartibda koʻrsatilishi lozim.

11. BYUDning 44-grafasini (Qoʻshimcha maʼlumotlar/taqdim etilayotgan hujjatlar) toʻldirishda BYUDni toʻldirishga asos boʻlgan har bir hujjat toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Yoʻriqnomaning 12-ilovasida keltirilgan Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirishda foydalaniladigan hujjatlar va maʼlumotlar turlari tasniflagichiga muvofiq hujjatning tartib raqami va harfli kodini qoʻygan holda koʻrsatilishi lozimligiga eʼtiborni qaratish lozim.

Bundan tashqari, BYUDning 44-grafasini toʻldirisha quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim:

a) agar tovarlar mahsulot taqsimotiga doir bitim (SRP) doirasida olib oʻtilayotgan boʻlsa, mahsulot taqsimotiga doir bitim hamda tovarlarni yetkazib berish (olib kirish) boʻyicha kelishuv (kontrakt) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har biri alohida BYUDning 44-grafasiga “301” tartib raqami ostida “KNT” kodi bilan koʻrsatiladi;

b) BYUDni toʻldirishda foydalanilgan, lekin Yoʻriqnomaning 12-ilovasida keltirilgan Tasniflagichda keltirilmagan hujjatlar va maʼlumotlar BYUDning 44-grafasida 899 tartib raqami va “DRGDOK” harfli kodi ostida koʻrsatilishi lozim. Bunda hujjatning toʻliq nomi elektron BYUDda izohlar uchun alohida ajratilgan maydonchada koʻrsatilishi mumkin.

12. BYUDning 46-grafasini toʻldirishda tovarlarning statistik qiymati ming AQSH dollarida koʻrsatilishi va verguldan soʻng uch belgigacha aniqlikda yaxlitlanishi lozimligini taʼkidlab oʻtish kerak.

13. Amaliyotda yuzaga kelayotgan ayrim muammolarni har etish maqsadida BYUDning 54-grafasini (Joy va sana) toʻldirish tartibiga ham ayrim oʻzgartirishlar kiritilgan. Jumladan, ushbu grafada qoʻshimcha ravishda:

- bojxona brokeri va deklarant (yuk egasi) oʻrtasidagi bitim mavjudligini tasdiqlash maqsadida bojxona brokeri va topshirigʻiga asosan BYUD taqdim etilayotgan shaxs oʻrtasidagi bitim raqami va sanasi koʻrsatilishi;

- amaliyotda bitta tovar boʻyicha texnik xatoliklar tufayli bir nechta BYUDlarning rasmiylashtirib yuborilganligi holatlari yuzaga kelayotganligini eʼtiborga olib, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida mutaxassis tomonidan BYUDga berilgan tartib raqami koʻrsatilishi belgilangan.

Masalan, bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis bojxona postiga maʼlub bir tartib raqami ostida (000012) BYUDni yubordi. Maʼlum vaqt oʻtgach mutaxassis BYUDda xato mavjudligini aniqladi. Bu holda mutaxassis xatoni toʻgʻrilab, BYUDni huddi shu tartib raqami bilan (000012) bojxona postiga qatadan yuborishi kerak. Mazkur holatda, ASOD dasturi:

- agar BYUD taqsimlanmagan yoki roʻyxatga olinmagan boʻlsa, avtomatik tarzda avvalgi BYUDni “qaytarilgan” maqomiga oʻtkazadi va uning oʻrniga toʻgʻrilangan BYUDni qabul qiladi;

agar BYUD roʻyxatga olingan boʻlsa, mutaxassis bu haqida tegishli xabarnoma oladi. Bunday holatda mutaxassis oʻrnatilgan tartibda bojxona postiga murojaat qilishi lozim.

14. Yoʻriqnomaning 35-bandiga asosan avval vaqtinchalik olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qaytarib olib chiqib ketish reeksport bojxona rejimiga muvofiqamalga oshiriladi.

15. Yoʻriqnomaning 39-bandiga asosan avval vaqtinchalik olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qaytarib olib kirish reimport bojxona rejimiga muvofiq amalga oshiriladi.

16. Tovarlarni Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirishda tovarning bojxona qiymatini aniqlash va BYUDning 45-grafasini toʻldirish masalasi uzoq vaqtlardan boʻyon bahs-munozaralarga sabab boʻlib kelayotgan edi.

Bunday bahs-munozalarga qonun hujatlarida tovarning bojxona qiymati - bojxona toʻlovlarini hisoblash maqsadida foydalaniladigan tovar qiymati sifatida belgilab qoʻyilganligi (Bojxona kodeksining avvalgi tahriri 106 moddasida hamda yangi tahrirdagi Bojxona kodeksining 301-moddasi), biroq tovarlarni Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirish vaqtida aksariyat holatlarda zarur hujjatlar yetarli boʻlmaganligi uchun bojxona qiymatini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi sabab boʻlayotgan edi.

Shu sababli, bunday bahs-munozaralarga chek qoʻyish maqsadida Yoʻriqnomaning 45-bandi 2-kichik bandida Bojxona ombori bojxona rejimida toʻldirilayotgan BYUDning 45-grafasida tovarning bojxona qiymati sifatida BYUDning 42-grafasida koʻrsatilgan faktura qiymati qabul qilinishi belgilab qoʻyildi.

17. Tovarlarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlagandan soʻng qaytarib olib kirishda quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim:

Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimidan soʻng qayta ishlash mahsulotlarini hamda bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilgan tovarlarning chiqindilarini qaytarib olib kirish erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimida(Bojxona kodeksi 53-moddasi va Yoʻriqnomaning 72-bandi);

Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilgan tovarni hamda bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilgan tovarning qoldiqlarini qaytarib olib kirish reimport bojxona rejimida amalga oshiriladi (Bojxona kodeksi 52-moddasi va Yoʻriqnomaning 74-bandi).

18. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimidan soʻng qayta ishlash mahsulotlarini, bojxona hududida qayta ishlash uchun olib kirilgan tovar, tovarning chiqindilari va qoldiqlariniqaytarib olib chiqib ketish reeksport bojxona rejimiga muvofiq amalga oshiriladi (Bojxona kodeksi 32-moddasi va Yoʻriqnomaning 79-bandi).

19. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bojxona yigʻimlari stavkalari toʻgʻrisida”gi 1999-yil 30-apreldagi 204-son qarorining ilovasiga muvofiq tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim:

a) “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida tovarlarni qaytash ishlash boʻyicha xizmatlar qiymatidan 0,1 foiz, lekin eng kam oylik ish haqining 50 foizidan kam boʻlmagan miqdorda;

b) “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimida tovarlarni qaytash ishlash boʻyicha xizmatlar qiymatidan 0,2 foiz, lekin eng kam oylik ish haqining 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tovarlarni begʻaraz (toʻlovsiz) asosda qayta ishlashda, qayta ishlash boʻyicha xizmatlar bepul koʻrsatilayotganligini inobatga olib, bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

20. BYUDda qiymat koʻrsatkichlari koʻrsatiladigan grafalar soni cheklanganligi sababli, bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimidan soʻng olib kirilayotgan qayta ishlash mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda qayta ishlash boʻyicha operatsiyalar qiymati BYUDning 31-grafasida koʻrsatilishi mumkin. Shu bilan birga, Yoʻriqnomaning 73-bandiga asosan 42-grafada qayta ishlash boʻyicha xizmatlar qiymati, 45-grafada qayta ishlash boʻyicha operatsiyalar qiymatini hisobga olgan holda tovarning bojxona qiymati, 46-grafada tovarning bojxna qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblangan statistik qiymati koʻrsatiladi.

21. Yoʻriqnomaning 75-bandi 1-kichik bandiga asosan ilgari bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni hamda qayta ishlash uchun olib chiqilgan tovarning qoldiqlarini reimport rejimiga muvofiq qaytarib olib kirishda BYUDning 42-grafasida tashqi savdo kontrakti (shartnomasi, kelishuvi) valyutasida 31-grafada, qayta ishlash amalga oshirilgan yoki amalga oshirilmaganligidan qatʼiy nazar, deklaratsiyalanayotgan tovarni qayta ishlash boʻyicha xizmatlar qiymati koʻrsatiladi. Ushbu tartib TSOYAEATda kontraktlarning hisobini toʻgʻri yuritilishini taʼminlash maqsadida kiritilgan.

2.03.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing