Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona organlarining boshqa organlar va tashkilotlar bilan o’zaro hamkorligi
4742

Bojxona organlarining boshqa organlar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi

Bojxona organlari o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni davlat boshqaruvining boshqa organlari va davlat hokimiyati mahalliy organlari bilan hamkorlikda bajaradilar. Mazkur organlar bojxona nazoratini amalga oshirish hamda bojxona haqidagi qonun hujjatlarining buzilishiga qarshi kurashda bojxona organlariga ko‘maklashishlari shart. 

Bojxona organlari aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha mavjud materiallar to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek o‘zga axborotni boshqa organlar va tashkilotlar bilan almashishni, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik qilishdan foydalangan holda almashishni o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, qonun hujjatlarida va bitimlarda belgilangan tartibda amalga oshiradi. 

Bojxona organlari o‘z vakolatlari doirasida chiqaradigan hamma uchun majburiy tusdagi normativ hujjatlar tegishli vazirliklar, idoralar bilan kelishilishi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. 

Bojxona organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z vakolatlariga kiradigan ayrim harakatlarning boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan bajarilishiga yo‘l qo‘yadilar. 

Bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida banklar va boshqa moliya-kredit tashkilotlari: 

xo‘jalik yurituvchi subyektlar bojxona to‘lovlari bo‘yicha byudjet oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, bunday subyektlarning hisob-kitob raqamlari va boshqa hisobvaraqlarini sudning qaroriga binoan yopadilar; 

kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan, o‘z muddatida to‘lanmagan bojxona to‘lovlari va bunday to‘lovlarni to‘lash muddati o‘tkazib yuborilganligi uchun penya summalarini xo‘jalik yurituvchi subyektlardan so‘zsiz tartibda undirib olish to‘g‘risidagi bojxona organlarining farmoyishlarini (inkasso topshiriqlarini) bajaradilar; 

ushbu modda beshinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning so‘mlardagi mablag‘lari yetishmasa va valyuta hisobvaraqlarida mablag‘lari mavjud bo‘lsa, bojxona organlarining taqdimnomasiga ko‘ra valyuta birjasida mazkur valyuta mablag‘larini byudjet oldidagi qarzni to‘lash uchun zarur hajmlarda sotishni sotish kunidagi kurs bo‘yicha amalga oshiradilar. 

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning aybi bilan bojxona to‘lovlari va jarima summalarini to‘lash kechiktirilgan bo‘lsa, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki bojxona organlarining bojxona to‘lovlarini o‘tkazish yoki qaytarish to‘g‘risidagi topshiriqlari bank yoki moliya-kredit muassasalarining aybi bilan bajarilmagan bo‘lsa (bajarish kechiktirilgan bo‘lsa), xo‘jalik subyektlaridan, bank yoki moliya-kredit muassasalaridan belgilangan tartibda penya undiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi “Davlat bojxona xizmati” to‘g‘risida"gi

Qonunining 7 –moddasidan olindi.

6.03.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing