Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlashga oid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari (PF–81-son, PQ–146-son) mazmun-mohiyati
1434
“Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–81-son, 01.03.2022-y.) qabul qilindi.
Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni  qoʻllab-quvvatlashga oid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining  ayrim hujjatlari (PF–81-son, PQ–146-son) mazmun-mohiyati

Farmon bilan Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi (Qoʻmita) hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.

Qoʻmita oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Oila va xotin-qizlar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Qoʻmita bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Farmon bilan quyidagi lavozimlar kiritildi:

Vazirlar Mahkamasiga – Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga – Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi;

viloyat hokimliklariga – hokim oʻrinbosarlari – oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari;

tuman (shahar) hokimliklariga – hokim oʻrinbosarlari – oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari lavozimlari.

Quyidagi lavozimlar tugatildi:

mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri;

mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari;

mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari boshliqlari lavozimlari.

Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi.

Farmonga koʻra, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari negizida tegishincha Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.

Vazirlik nuroniy va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, mahallalar bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Mahalla, nuroniy va keksalar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlik bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Farmonga koʻra, mahalla raisiga qoʻshimcha huquqlar berildi.

Mahalla raisi, jumladan, tuman (shahar) hokimi yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarini ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha mazkur xodimlarning yuqori turuvchi tashkilotlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritishi mumkin.

2022-yil 1-iyulgacha “Mahalla toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Farmon bilan shuningdek, aholi muammolarini oʻrganish, tahlil qilish va hal etish hamda murojaatlarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan koʻrib chiqishning bir-biri bilan uzviy bogʻlangan toʻrt pogʻonali “mahalla–tuman–viloyat–respublika” tizimi joriy etildi.

Joriy yilning 2-martida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–146-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan:

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi;

mahalliy Kengashlarda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar tashkil etildi.

Bosh prokuraturada Xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash hamda ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etildi.

Bosh prokuratura xotin-qizlar huquqlarini hamda tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohalaridagi qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan tizimli nazorat oʻrnatadi.

Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari quyidagi huquqlarga ega:

vazifalarni amalga oshirish uchun, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;

statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish;

xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda oilani mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan majburiy taqdimnomalar kiritish;

xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini koʻzlab sudlarga ariza (shikoyat) va daʼvolarni kiritish;

xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda oilani mustahkamlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish.

2022-yil 1-maydan mahalladagi xotin-qizlar faolining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:

xonadonlar soni 500 tagacha boʻlgan mahallada – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3,5 baravari (2 mln 877 ming soʻm) miqdorida;

xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha boʻlgan mahallada – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4 baravari (3 mln 288 ming soʻm) miqdorida;

xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq boʻlgan mahallada – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4,5 baravari (3 mln 699 ming soʻm) miqdorida.

16.03.2022

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing