Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Davlat bojxona qo`mitasida tizimda xizmat qilayotgan ayollar ishtirokida videokonferensiya o`tkazildi
786
Bugun O`zbekiston ayollari har bir jabhada o`z o`rniga ega bo`lib borayotganini barchamiz bevosita amalda ko`rib, chuqur his etmoqdamiz. So`nggi yillarda respublikamizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratishga, ayollarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishini ta’minlashga, xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonliklardan himoya qilishga hamda ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo`llab-quvvatlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlash masalalari bo`yicha maslahat-kengashi tomonidan bojxona organlarida xizmat olib borayotgan ofiser ayollar va erkin yollangan ayol xodimlar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo`yicha maslahat-kengashi vakillari, Davlat bojxona xizmati organlaridagi Xotin-qizlar masalalari bo`yicha boshlang`ich tashkilotlarining Qo`mita, hududiy bojxona boshqarmalari, Milliy kinologiya markazi va Bojxona institutidagi shaxodatlangan ayolllarining vakilalari hamda tizimda faoliyat olib borayotgan erkin yollangan ayol xodimalar ishtirok etishdi.

Tadbirni ochar ekan, Davlat bojxona qo`mitasi rahbariyati yurtimizda gender tengligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligi haqida so`z yuritdi. Jumladan, bojxona organlarida xizmat olib borayotgan ayollar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar ularning o`z iqtidor va salohiyatlarini to`la namoyon qilishlarida muhim rol o`ynayotganligini ta’kidladi.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, ularning davlat va jamiyat qurilishi va boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi bois ularning jamiyatda tutgan o`rni ham mustahkamlanib borayotganligini ta’kidlandi.

Binobarin, yurtimizda xotin-qizlar masalasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. So`nggi yillarda jamiyatning turli sohalarida, ham milliy, ham mintaqaviy darajada ayollarning roli va mavqeida ijobiy o`zgarishlar ro`y bermoqda. Ularning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari Konstitusiyamiz, qonunlarimizda ham mustahkamlab qo`yilgan.

Jamiyatda ayol va erkaklarning o`z o`rnini topishi uchun davlatimiz tomonidan bir xil sharoit va imkoniyatlar yaratib berilishi gender tenglikni ta’minlash uchun asos bo`lib xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida ta’kidlanganidek, Davlat bojxona qo`mitasining 2020 yil 29 iyundagi “Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo`yicha maslahat-kengashi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 115-son buyrug`i bilan “Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo`yicha maslahat-kengashi to`g`risidagi Nizom” tasdiqlanib, unga asosan Maslahat Kengashi nizomi va Maslahat Kengashi tarkibi tasdiqlanib, maslahat kengashining faoliyati yo`lga qo`yildi. Davlat bojxona qo`mitasi 2020 yil 30 iyundagi yig`ilish bayoniga asosan esa, Davlat bojxona qo`mitasi Markaziy apparatida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo`yicha maslahat-kengashi tarkibi ham tasdiqlandi.

Hozirgi kunda tizimda 315 nafarga yaqin erkin yollangan ayol xodimlar, 300 nafardan ortiq shahodatlangan ayollar xizmat qilayotgan bo`lsa ular orasida rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat ko`rsatayotgan ayollar ham mavjud.

Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, tadbir davomida tizimda xizmat qilayotgan ayollarimizdan istiqbolda rahbar kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida urg`u berildi.

Gender tenglikni ta’minlash strategiyasida ham aynan xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash bo`yicha chora-tadbirlar alohida belgilab qo`yilgan.

Shundan kelib chiqib, etakchilik qobiliyatiga ega ayollarni rahbarlik lavozimiga tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning siyosiy bilimini chuqurlashtirish, mehnat ko`nikmalarini mustahkamlash maqsadida joylarda o`quv-seminarlar, treninglar tashkil qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga yig`ilishda o`tgan 2021 yilda erishilgan natijalar sarhisob qilinib, ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifa va rejalar belgilab olindi.

Qayd etish lozimki, istiqbolda ko`zlanayotgan chora-tadbirlar tarkibida bojxonachi ayollar o`rtasida sport va sog`lom turmush tarzini targ`ib etishga qaratilgan turli musobaqa va tanlovlar uyushtirishga alohida e’tibor qaratilishi ham ta’kidlab o`tildi.

Umid qilamizki, mazkur rejalar tizimda xizmat olib borayotgan xotin-qizlarning manfaatlariga xizmat qiladi.

Yig`ilish so`ngida har bir hududiy boshqarma maslahat-kengashi vakillariga so`z berildi va ko`rilgan mavzular asosida savollar berilib ularga atroflicha javoblar olindi.

 

9.02.2022

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing