Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan Navoiy shahar xokimiyati, IIB va Navoiy viloyati ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazi bilan hamkorlikda “Gender tenglik- demokratik taraqqiyot belgisi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda boshqarma boshlig`i o`rinbosari N.Osmanov gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko`tarilganligi, o`z o`rnida bojxona organlarida xotin-qizlarning samarali faoliyat olib borishlari, sport bilan muntazam shug`ullanishlari, kitobxonlikka bo`lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar va yaratilgan imkoniyatlar haqida to`xtalib o`tdi.
Shuningdek, Navoiy shahar IIB xotin-qizlar masalalari bo`yicha mas’uli L.To`raeva 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi O`RQ-561-son hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida”gi O`RQ-562-son Qonunlarining maqsadi va mazmun-mohiyati haqida so`z yuritdi. Shuningdek, hozirda mazkur yo`nalishda olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar sezilarli darajada o`zining samarasini berayotganligini ta’kidladi.
Suhbatni Navoiy shahar hokimining Xotin-qizlar masalalari bo`yicha maslahatchisi R.Rizaeva davom ettirib, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo`yicha komissiyasi tashkil etilganligi, yurtimiz tarixida ilk marotaba Parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan ko`rsatkichlarga etganligi va boshqaruv lavozimlarida, partiyalarda, oliy ta’limda, tadbirkorlikda ayollar soni keskin ortganligi haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Shuningdek, Navoiy viloyati Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazi direktori N.Ermamatova hozirda ushbu yo`nalishda mavjud muammo va kamchiliklar mahallabay tarzda joylarga chiqib o`rganilayotgani, ularning zudlik bilan echimini topish va bartaraf etish bo`yicha ko`rilayotgan choralar to`g`risida o`z fikr mulohazalari bilan o`rtoqlashdi.
Suhbat davomida, boshqarma xodimlari “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ning yuritilishi, 2021 yil 28 mayda Oliy Majlis Senatining “2030 yilga qadar O`zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosi bo`yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida o`zlarini qiziqtirgan savollarga ham batafsil javob oldilar.
18.12.2021