Hozirgi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng islohotlar jarayonida bu boradagi ustuvor vazifalar ijrosiga qaratilgan doimiy e’tibor inson huquqlarini muhofazalash, xotin-qizlarning oiladagi va jamiyatda faolligini oshirish, barcha sohalarni rivojlantirishda muhim samara bermoqda.
Yurtimizda gender tenglikni ta’minlashning qonunchilik va institusional negizini mustahkamlash yo`lida ta’sirchan choralar ko`rildi. Xususan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarni himoyasiga qaratilgan 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, 2 ta qonun, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Maxkamasining 16 ta qarorlari qabul qilindi. Shu bilan birga, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar O`zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Mazkur strategiyadagi barcha yo`nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo`ljallangan barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Zero, jamiyatda gender tenglikka erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko`zlangan maqsad xalqimizning demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishdek ezgu niyatlarni ro`yobga chiqarish, yurt taraqqiyotini yuksaltirishdan iborat.
Bu borada, Davlat bojxona xizmati organlarida ham qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Davlat bojxona qo`mitasi Evropa Ittifoqi va Xalqaro savdo markazi tomonidan tashkil etilgan “Реадй4Траде сентрал Асиа (Р4ТсА)” loyihasi doirasida 2021 yil 19-20 noyabr kunlari davomida Qoraqalpog`iston Respublikasidagi tadbirkor ayollar, Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasining ayol xodimlari uchun Nukus shahrida joylashgan Yoshlar markazida Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqalararo va xalqaro savdoni rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash bo`yicha “Gender muammolarni inobatga olgan holda savdo-sotiq tartibotlarini soddalashtirish” mavzusida o`quv seminar o`tkazildi.
Seminarda Davlat bojxona qo`mitasining Xotin-qizlar masalalari bo`yicha boshlang`ich tashkiloti raisi Umida Pirmuxamedova, Bojxona instituti katta o`qituvchisi Nilufar Axmedova, loyiha maslahatchisi Akmal Azimov, “Tadbirkor ayol” O`zbekiston ishbilarmon ayollar assosiasiyasi Qoraqalpog`iston bo`linmasi rahbari Zoya Kalieva hamda boshqarmaning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Shubhasiz, ushbu xayrli maqsad sari tashlangan har bir dadil qadam yorug` istiqbolga, yuksalish va farovonlikka erishish uchun muhim poydevordir.
20.11.2021