Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona institutida “Gender muammolarini inobatga olgan holda xalqaro savdo-sotiq tartibotlarini soddalashtirish” mavzusida seminar-treninglar o`tkazildi
558
So`nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o`rnini yanada mustahkamlash, ular uchun teng sharoitlar yaratib berishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Shu o`rinda xalqaro savdo markazi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqalararo va xalqaro savdoni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash loyihasi doirasida ham ishlar olib borilmoqda.

Mazkur loyihaning maqsadi Markaziy Osiyoda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznes imkoniyatlarini kengaytirish va transchegaraviy elektron tijorat orqali ichki va xalqaro miqyosda savdoni rivojlantirish hisoblanadi.

Ayni shu maqsadda, joriy yilning 9 va 10 noyabr kunlari Davlat bojxona qo`mitasining Bojxona institutida “Gender muammolarini inobatga olgan holda xalqaro savdo-sotiq tartibotlarini soddalashtirish” mavzusida seminar-treninglar o`tkazildi.

Bo`lib o`tgan uchrashuvda Bojxona instituti rahbariyati, O`zbekiston Tadbirkor Ayollar Uyushmasi koordinatorlari, Davlat bojxona qo`mitasi Xotin qizlar qo`mitasi raisi Umida Pirmuhamedova, Xalqaro savdo markazi eksperti Alina Fetisova, Davlat bojxona qo`mitasi Bojxona instituti katta o`qituvchisi Nilufar Axmedova, “Markaziy Osiyo savdoga tayyor” loyihasining milliy maslahatchisi Akmal Azimov, institut shahsiy tarkibi hamda kursantlar ishtirok etishdi.

Muddati 4 yil bo`lgan, ya’ni 2020-2024 yillarni qamrab olgan ushbu loyihada, 5 ta Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekiston ishtirok etmoqda.

Ushbu loyihaning tarkibiy qismlaridan biri bo`lgan 5-komponent bu – Gender tenglikni ta’minlash hamda ayollar va qizlarni huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishdan iboratdir.

Tadbir davomida so`nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, ularning davlat va jamiyat qurilishi va boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi bois ularning jamiyatda tutgan o`rni ham mustahkamlanib borayotganligi ta’kidlanib, seminarga tashrif buyurgan ekspertlarga va tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirildi.

Seminar treninglar davomida so`zga chiqqan ekspertlar bugungi kunda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish yo`nalishida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi, sohadagi islohotlar mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o`rniga ijobiy ta’sir ko`rsatayotganligi, xususan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O`zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo`yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 davlat qatoriga kirganligi haqida ishtirokchilarga so`zlab berishdi.

Shu bilan bir qatorda, seminar davomida ma’ruzachilar tomonidan ayol xodimlarga mazkur loyihaning mazmun-mohiyati, gender tengligi nima ekanligi va jamiyat uchun qanchalik muhimligi, gender omillarining savdo bilan bog`liqligi, transchegaraviy savdoda ayollar duch keladigan muammolar, ayollarning savdodagi ishtirokini qo`llab-quvvatlash uchun savdoni soddalashtirish jarayonlari bo`yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, trening davomida savdoda ayollarning ishtiroki muhim makroiqtisodiy foyda keltirishi, gender tenglikni targ`ib qilish jamiyatning barcha sohalari uchun juda muhimligi, savdo bilan shug`ullanadigan ayollarga tadbirkorlikni yuritishda yordam beradigan tegishli choralar ko`rilsa, gender tengligini ta’minlashda kuchli katalizator bo`lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Ma’lumot o`rnida shuni aytib o`tish kerakki hozirgi kunda tizimda 324 nafar ayollar xizmat qilmoqda. 18 nafar ayollar esa rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat ko`rsatmoqda.

Tizimda amalga oshiralayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida bojxona ishiga bo`lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bunga yaqqol misol sifatida Bojxona institutiga o`qishga qabul qilinayotgan qizlar sonining yildan yilga o`sib borayotganligini keltirish mumkin.

O`tkazilgan treninglar so`ngida ishtirokchilar tomonidan berilgan qiziqarli savollarga ekspertlar tomonidan batafsil javoblar berildi.

Eslatib o`tamiz bu kafi seminar-trening mashg`ulotlari joriy yilning oktyabr oyida Toshkent shahar va Toshkent viloyati, hamda Buxoro viloyati bojxona boshqarmalarida o`tkazildi. Noyabr oyi oxirlarida esa Xorazm viloyati va Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmalarida o`tkazilishi kutilmoqda.

10.11.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing