«Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʼrni va mavqeini yanada mustahkamlash –islohotlarimizning eng ustuvor yoʼnalishlaridan biridir...»
Sh.M.Mirziyoev
Dunyo rivojining hozirgi davrida inson taraqqiyoti, uning huquq va erkinliklari, ijtimoiy adolat va inson xavfsizligini taʼminlash borasidagi olib borilayotgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ayollar va erkaklarning jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi tengligini amalda taʼminlash masalalari ustuvor vazifalarning biriga aylanmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ga aʼzo davlatlar oʼrtasida ayollar va erkaklar tengligini taʼminlashga doir milliy majburiyatlarni toʼliq bajarish har bir davlatning oldiga qoʼygan oʼz ezgu maqsadlariga erishish va BMT tamoyillarini qoʼllab-quvvatlashga munosib hissa qoʼshish demakdir. Barchaga maʼlum, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 2015 yilning sentyabrida Barqaror rivojlanish boʼyicha oʼtkazilgan sammitida qabul qilingan 70-son rezolyutsiyasiga muvofiq hamda Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 23 sentyabrь Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Аssambleyasining 75-yubiley sessiyasidagi oʼz nutqida “biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʼrni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga koʼpaydi”, deb mamlakatimizda xotin-qizlar siyosati boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlarni nazarda tutdi. Haqiqatan ham mamlakatimizda xotin-qizlarning oʼz imkoniyatlarini toʼlaqonli roʼyobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʼtarildi.
Mamlakatimizda gender tengligini taʼminlash borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bu borada, 2030 yilgacha boʼlgan davrda BMT global kun tartibining barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish boʼyicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “2030 yilgacha boʼlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” qaror qabul qildi.
Shu bilan birga, Oʼzbekiston barqaror rivojlanishning beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni taʼminlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid toʼqqizta vazifani ishlab chiqdi. Jumladan:
- hamma joyda barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish;
- xotin-qizlarga nisbatan zoʼravonlikning barcha shakllarini, shu jumladan, odam savdosi, jinsiy ekspluatatsiya hamda ekspluatatsiyaning boshqa shakllarini tugatish;
- erta nikohlar va zoʼrlab nikohlashni tugatish;
- kommunal xizmatlar, infratuzilma va ijtimoiy himoya tizimlarini taqdim etish orqali parvarishlash va uy xoʼjaligini yuritish boʼyicha haq toʼlanmaydigan mehnatni tan olish va qadrlash, milliy sharoitlarni hisobga olgan holda oilada xoʼjalik yuritish uchun umumiy masʼuliyat tamoyilini ragʼbatlantirish;
- xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotning barcha bosqichlarida har tomonlama ishtirok etishlarini hamda qaror qabul qilishda yetakchilik qilishlari uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash;
- reproduktiv salomatlikni asrash sohasida umumqamrovli tibbiy-sanitariya yordami koʼrsatish uchun sogʼliqni saqlash xizmatlaridan umumiy foydalanishni taʼminlash;
- xotin-qizlarni ularning huquq va manfaatlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirishlarida qoʼllab-quvvatlaydigan dasturlarni kengaytirish;
- xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga koʼmaklashish maqsadida yuqori samarali texnologiyalar, xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faolroq foydalanish;
- “Gender tenglik” tamoyillarini boshqaruvning turli bosqichlarida davlat dasturlarini qabul qilish jarayoniga toʼla singdirish.
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlardan koʼzlangan asosiy maqsad, xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning bandligini taʼminlash, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirishga qaratilgandir.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomalarida eng asosiy vazifa etib, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozimligi hamda hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etishni taklif etdilar. Shuningdek, joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish uchun byudjetdan qoʼshimcha ravishda 1 trillion soʼmdan ziyod mablagʼ yoʼnaltirilganligi taʼkidlab oʼtildi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jamiyatimizning turli sohalarida ularning faol ishtirok etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Mamlakatimizda ayolga boʼlgan munosabat oʼz tarixiy ildizlariga ega, ajdodlarimiz doimo ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda boʼlishga daʼvat etishgan.
Xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishi va boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, ularning siyosiy huquqlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani tufayli ularning jamiyatdagi tutgan oʼrni yuksaldi. Oʼzbek ayoli ismi-sharifi yoniga “Oʼzbekiston Qahramoni”, “Deputat”, “Senator”, “Vazir”, “Vazir oʼrinbosari”, “Аkademik”, “Olima”, “Moʼʼtabar ayol”, “Tadbirkor”, “Direktor” atamalari qoʼshib aytilishi buning yaqqol misolidir. Zero, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning umumiy aholi soniga nisbatan yoshlari boʼyicha tahlil qilganimizda quyidagi maʼlumotlarni koʼrishimiz mumkin (1-rasm).
Ular ijtimoiy-maʼnaviy, siyosiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida samarali va faol mehnat qilib kelishmoqda. Yuksak maʼnaviyatli va maʼrifatli, namunali odobi va tarbiyasi bilan eʼtirof etilgan onalarimizning izdoshlari bugun davlat va jamiyat qurilishida, ishlab chiqarishda, ilm-fan, madaniyat, tibbiyot, taʼlim va hatto harbiy sohada xizmatlari beqiyos.
Shunday ekan, Respublikamiz BMTning ― Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllarini yoʼq qilish haqidagi konventsiyasi, Xalqaro mehnat tashkilotining ― Onalikni muhofaza qilish toʼgʼrisidagi, Mehnat va mashgʼulotlar sohasidagi kamsitishlar toʼgʼrisidagi konventsiyalariga MDH davlatlari orasidan birinchilar qatorida qoʼshildi. Shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi Qonunlarning qabul qilinishi xotin-qizlar manfaatlarini muhofaza qilish, ularning oila va umuman jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar kompleksining tarkibiy qismidir. Ushbu Qonunlarga koʼra gender tushunchasi - xotin-qizlar va erkaklar oʼrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʼladigan ijtimoiy jihati ekanligi ochib berildi.
Yangi qonun bilan gender tenglikni taʼminlash kafolatlari yaratilgani Oʼzbekistonda bu masala davlat siyosati darajasiga koʼtarilganini koʼrsatdi va bu mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi ilgʼor qadamidan nishonadir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahnamoligida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Gender tenglik boʼyicha institutsional choralarga kelsak, ayni paytda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini taʼminlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish boʼyicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uygʼunlashtirish bilan shugʼullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʼmitasi tashkil qilingan. Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qoʼllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zoʼravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida zoʼrlik ishlatishdan jabr koʼrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʼz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi, Hukumat huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi.
Mazkur yangi tashkil etilgan barcha institutsional mexanizmlar Oʼzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda BMT Konventsiyasiga muvofiq ayollar huquqlari, gender tengligi va xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berishning yagona yaxlit mexanizmiga aylanishi masalaning muhim tomonidir. Shu bois, ushbu yoʼnalishda davomiy izchil ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Bu yerda nafaqat qabul qilingan koʼrsatmalar, balki ularning xalqaro majburiyat va standartlarga muvofiqligi, joylarda oʼz vaqtida va aniq bajarilishi ham muhim axamiyatga ega.
Hozirda jamiyatimizda “ilgʼor ayol” obrazini yanada oshirish masalalari mavjud. Butun zamon talabi jamiyatimizda ayol hokimlar, oliy taʼlim muassasalaridan rektorlik lavozimlarida ayollar boʼlishligi, ayol vazirlar va vazir oʼrinbosarlarni hamda ayol elchilarimiz boʼlishligini taqozo etmoqda. Dunyo boʼyicha hukm surayotgan pandemiya mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga ham oʼz taʼsirni koʼrsatmoqda. Аyniqsa xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlashga boʼlgan talabni ortishiga sabab boʼlmoqda. Bugungi kunga qadar 834 ming ayollarning ishsizligi rasman roʼyxatga olingan. Ularni ijtimoiy faolligini oshirish va ish bilan taʼminlash uchun barcha darajadagi deputat ayollarni birlashtiruvchi “Deputat ayollar klubi” aʼzolari raxnamoligida “Deputat bilan yuzma-yuz”, “Uyma uy”, “Xizmat-beminnat” kabi amaliy loyihalarni yanada rivojlantirishni talab etadi.
Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va Oʼzbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomalarida 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta oʼrganilganligi hamda xotin-qizlarni qiynayotgan koʼplab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topish maqsadida “Аyollar daftari” va “Temir daftar” shakllantirilganligi ushbu muammolarni hal etishda mahallalarda yangi tashkil etilgan “Аyollar maslahat kengashlari” ham yaqindan koʼmak berib kelayotganligi taʼkidlab oʼtildi. Bu borada xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish boʼyicha taklif ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.
Yuqorida taʼkidlab oʼtilgan milliy maqsad va vazifalardan kelib chiqib, bu borada bojxona organlarida ham bir qator ishlar olib borilmoqda. 2020 yil mobaynida bojxona qonunchiligi buzilish holatlari natijasida qiymati 424,1 mlrd. soʼmlik tovar moddiy boyliklar ushlab qolingan. Davlat byudjetiga 24,7 trln. soʼm pul mablagʼi oʼtkazilib, belgilangan reja 1,4 trln. soʼm ortigʼi bilan bajarilgan. Bu esa respublikamiz aholisini, shu jumladan, kam taʼminlangan, yolgʼiz boquvchi hisoblangan yoki kasalmand boʼlgan ayollarimizni ijtimoiy himoyalash va qoʼllab-quvvatlash borasidagi ishlarni amalga oshirish imkoniyati demakdir.
Bojxona organlarida 300 ortiq xotin-qizlar mavjud boʼlib, ular yaʼni shaxsiy tarkibning 8 foizini tashkil etadi. Ular vatanparvarlik va sadoqat bilan mamlaktimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashda oʼz hissalarini qoʼshib kelmoqdalar. Bojxona organlarida gender tengligini taʼminlash borasida xotin-qizlar masalalari boʼyicha boshlangʼich tashkiloti bilan hamkorlikda bir qator vazifalar amalga oshirilgan. Jumladan, DBQ tizimida “Gender tenglik” borasida xotin-qizlar masalalari boʼyicha boshlangʼich tashkilotlari faoliyatini tashkil etish borasida ular tomonidan bir qator tadbirlar oʼtkazilgan.
DBQ organlari xizmat faoliyati davomida 2 nafar ayol xodim doktorlik disertatsiyalarini himoya qildi. Bojxona tizimida 228 nafar xodim yuqori lavozimlarga tayinlangan boʼlsa, shundan 48 nafari ayollarni tashkil etdi.
Doimiy ravishda xotin-qizlar oʼrtasida sport mashgʼulotlarini keng targʼib qilish maqsadida, barcha tarkibiy tuzilmalarda sport zallari tashkil etilib, xotin-qizlarning istalgan sport turi bilan shugʼullanish imkoniyati yaratilgan. Hozirda ular stol tennisi, shaxmat, shashka, fitnes, yugurish kabi sport turlari bilan muntazam shugʼullanib kelmoqdalar.
Respublika vazirlik va idoralarida faoliyat koʼrsatayotgan xotin-qizlar oʼrtasida “Sport–nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida oʼtkazilgan musobaqada sport gimnastradasi turi boʼyicha 1-oʼrinni egallab, musobaqaning “Eng chaqqon jamoasi” nominatsiyasi gʼolibi boʼlgan DBQ jamoasi munosib ragʼbatlantirildi.
Davlat bojxona qoʼmitasining 2020 yil 29 iyundagi “Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʼyicha maslahat-kengashi toʼgʼrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 115-son buyrugʼi bilan “Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʼyicha maslahat-kengashi toʼgʼrisidagi Nizom” tasdiqlandi.
Mazkur Nizom talablari asosida Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʼyicha maslahat-kengashlari tuzildi. Jumladan, Davlat bojxona qoʼmitasi 2020 yil 30 iyundagi yigʼilish bayoniga asosan, Davlat bojxona qoʼmitasi Markaziy apparatida hamda barcha hududiy boshqarmalar va Bojxona instituti hamda Milliy kinologiya markazi tomonidan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʼyicha maslahat-kengashi tarkibi tasdiqlandi.
Bojxona xodimlari tomonidan chegara oldi hududlarda yashovchi hamda huquqbuzarlik sodir etgan 3325 nafar fuqarolar profilaktik suhbatlar oʼtkazilgan boʼlib, shulardan 646 nafari ayollarni tashkil etgan. Davlat bojxona qoʼmitasiga kelib tushgan murojaatlar boʼyicha tahlil qilganimizda quyidagi raqamlarni koʼrishimiz mumkin.
Maʼlumki, bojxona organlarida rahbar kadrlarga boʼlgan ehtiyoj asosida amaldagi va istiqbolli yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularni bugungi kun talablariga muvofiq qayta tayyorlash va malakasini uzluksiz oshirib borish, zamonaviy rahbar kadrlar tizimini yaratish, shuningdek, rahbar kadrlar almashinuvi (rotatsiya) ehtiyojlarini kompleks monitoring qilish hamda ularni bosqichma-bosqich moʼljallangan lavozimlarga tayyorlab borish dolzarb hisoblanadi. Bu borada, bojxona organlari shaxsiy tarkibida erkak rahbar xodimlar bilan bir qatorda ayol rahbar xodimlar zaxiralari shakllantirilgan.
Respublikamizning uzoq viloyatlaridagi bojxona chegara postlarida da xizmat faoliyati olib borayotgan xotin qizlarimiz uchun shart-sharoitlar yaratilgan. Qoraqalpogʼistonda “Qoraqalpogʼiston” va “Dovut ota” postlarida ishlaydigan xodimlar uchun barcha sharoitlarga ega 2 ta koʼp xonali uy, Nurafshon shahrida, 36 ta xonadonli xizmat uyi va Surxondaryo viloyatining Shargʼun shaharchasida 32 ta xonadonli uy-joy qurilib, uy-joyga muhtoj boʼlgan 550 nafar bojxona xodimlari xizmat xonadonlariga joylashtirildi, 630 nafar bojxona xodimlariga uy-joy ijarasi uchun kompensatsiya toʼlovlari ajratib kelinmoqda.
Xodimlarni, shu jumladan ayollarimizni oʼqitish va iqtidorlarini keng namoyon etishlari uchun ham tegishli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunda Davlat bojxona qoʼmitasi huzurida Bojxona instituti faoliyat koʼrsatib kelayotgan boʼlib, bojxona organlariga malakali kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Mazkur dargohda 551 nafar kursant tahsil olayotgan boʼlib, shundan 69 nafari qizlarni tashkil etadi.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning fevral-mart oyida Oʼzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʼyicha komissiyasi tomonidan Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol vazirlik, davlat muassasasi, tashkilot va idoralar”, “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilgan eng yaxshi huquqni muhofaza qilish organi”, “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hokimlik”, “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol NNT”, “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tadbirkorlik faoliyati subʼekti” kabi yoʼnalishlar boʼyicha tanlov tashkil etilgan boʼlib, ishchi guruh va tanlov komissiyasi aʼzolari tomonidan 60 nafardan ziyod murojaatlardan tushgan arizalar oʼrganib chiqildi va eng maqbullari tanlab olindi. Ushbu tanlovda Davlat bojxona qoʼmitasi «Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilgan eng yaxshi huquqni muhofaza qilish organi» yoʼnalishi boʼyicha mukofot bilan eʼtirof etildi va qimmatbaho sovgʼa bilan taqdirlandi.
Xulosa va takliflar
Fikrimizcha, jamiyatda ayollar va erkaklar tengligi tamoyilini ilgari surish demokratik boshqaruvning asosiy va ajralmas qismi boʼlib, dunyodagi yuz berayotgan iqtisodiy rivojlanish siyosati gender jihatdan neytral boʼlish mumkin emasligini tasdiqlamoqda, gender tenglik va iqtisodiy samaradorlik oʼrtasida bevosita aloqa mavjud.
Shunday ekan, Oʼzbekiston Respublikasida gender tengligiga erishish strategiyasini 2021 — 2023 yillarda amalga oshirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini hamda maqsadli koʼrsatkichlarni ishlab chiqish hamda davlat xizmati, taʼlim, ilm-fan hamda sogʼliqni saqlash, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda, tazyiq va zoʼravonlikning oldini olishda, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash borasida bojxona organlari shaxsiy tarkibi oʼz hissalarini yuqori darajada amalga oshirib boradilar. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tarkibida faoliyat olib borayotgan ayollarimizdan “Polkovnik” hamda “General” maxsus unvonlarga ega ayollarimiz saflari ortib borishi maqsadga muvofiqdir.
Karimjonova Munavvar Ibragimovna
Davlat bojxona qoʼmitasining Bojxona instituti
“Iqtisodiy fanlar”kafedrasi katta oʼqituvchisi, PhD
21.09.2021