Uchrashuvda Davlat bojxona qoʻmitasi raisi mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, soʻnggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston-Koreya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga va yangi pogʻonaga koʻtarishga qaratilgan faol tashqi siyosat yuritilayotganligini alohida qayd etdi.
Taʼkidlash joizki, mazkur davlat Oʻzbekistonning Osiyo-Tinch okean mintaqasidagi yetakchi savdo-iqtisodiy sherigi hisoblanadi. Pandemiya davriga boʻlishiga qaramay, ikkala mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro tashqi savdo aylanmasi joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida 1 mlrd. 130 mln. AQSH dollariga yetdi.
Ikki mamlakat oʻrtasida tobora oʻsib borayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlik bojxona sohasidagi oʻzaro hamkorlikni ham yanada kengaytirishni taqozo etadi. Ayni shu zaruratdan kelib chiqib, Davlat bojxona qoʻmitasi va Koreya Respublikasi bojxona xizmati bilan faol hamkorlik aloqalari izchil olib borilmoqda.
Xususan, tomonlarning bugungi uchrashuvi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Koreya Respublikasi bojxona xizmati rahbarlari oʻrtasidagi Bojxona hamkorligininig 4-yigʻilishi hisoblanadi.
Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida bojxona sohasidagi hamkorlikning asosini bundan 22 yil avval imzolangan Bitim tashkil qiladi va hozirda ushbu Bitimni qayta kayta koʻrib chiqib, yangi tahrirda imzolash, ikkala mamlakat oʻrtasidagi Erkin savdo bitimiga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelgan.
Shuningdek, ikkala mamlakatning bojxona institutlari oʻrtasida kasbiy tayyorgarlik sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, bojxona nazorati va ekspertizasi, xavfni boshqarish hamda kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi yoʻnalishlarida oʻzaro tajriba almashish masalasi ham uchrashuvda atroflicha muhokama qilindi.
Bundan tashqari koreys delegatsiyasi xalqaro temir yoʻl transportida yuk tashishda qoʻllaniladigan bojxona jarayonlari boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrganishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Koreya Respublikasi Koreya bojxona xizmati oʻrtasida taʼlim sohasida tajriba almashish va hamkorlik” toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv Memorandumi mzolandi.
Mazkur memorandum ikki mamlakat bojxona xizmatlarining oliy taʼlim muassasalari hamda kinologiya xizmatlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jumladan, momerandum doirasida kelgusida har yili bojxona xodimlari va Bojxona instituti tinglovchilari Koreya chegara va bojxona institutida malaka oshirishlari nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Koreya bojxona xizmati yuqori malakali mutaxassislarini Oʻzbekistonga konsultant sifatida jalb etish ham rejalashtirilgan.
Uchrashuvdan soʻng mehmonlar Davlat bojxona qoʻmitasining Situatsion markazi va Bojxona tarixi muzeyi bilan tanishishdi hamda Faxriy mehmonlar kitobiga oʻz taassurotlarini yozib qoldirishdi.
Tashrif doirasida Koreya Respublikasi bojxona xizmati delegatsiyasi Samarqand shahrida ham boʻladi.
Davlat bojxona qoʻmitasi
Matbuot xizmati
13.09.2021