Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona tizimi fidoyisi
1020
— Davlat bojxona qoʻmitasining Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi marhum Begali Raxmonaliyev tabiatan qattiqoʻl, intizomli, mehnatsevar va masʼuliyatli inson edi,— deydi Davlat bojxona qoʻmitasining sobiq rahbari, isteʼfodagi general-mayor U.Abdugʻaniyev.
Bojxona tizimi fidoyisi

B.Raxmonaliyev uzoq yil shu tizimda faoliyat yuritdi. Turmush oʻrtogʻi marhuma Hidoyat aya bilan birgalikda 3 oʻgʻil va 2 qizni oʻqimishli qilib, elga qoʻshishdi. Bu inson haqida viloyatdagi qaysi mansabdor shaxsdan fikr soʻrasangiz, ularning barchasi iliq xotiralar bilan yodga oladi. Bundan koʻrinadiki, marhum hayot kechirgan va faoliyat yuritgan yillari mobaynida hech kimning diliga ozor bermagan. Ularning ogʻirini yengil qilish va yordam berishga doim tayyor boʻlgan. Bunday odamlarni xotirlash, uning yaqinlaridan xabar olish ham insoniy fazilatlardan biridir. Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasida anʼanaga aylangan ezgu tashabbus mana bir necha yildirki davom etmoqda. Bu ham boʻlsa, shu sohada uzoq yillar faoliyat yuritgan, bu olamni tark etgan bojxona xodimlarining oila aʼzolari xolidan xabar olishdir.
Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi I.Azimov bir guruh boshqarma xodimlari, Oʻzbekiston bojxona xizmati faxriylar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlinmasi raisi M.Mirzajonov va bojxona faxriylari U.Umarov, U.Qandaqjonovlar ishtirokida uzoq yillar davomida viloyat bojxona boshqarmasi boshligʻi lavozimida xizmat qilgan, marhum bojxona xizmati polkovnigi Begali Raxmonaliyevning xonadoniga tashrif buyurib, uning oilasi holidan xabar olishdi.
Dastlab marhum B.Raxmonaliyev xotirlanib, uning haqqiga duoyi fotiha oʻqildi. Uning yaqinlariga bayram tabrigi yetkazildi. Shundan soʻng, Davlat bojxona qoʻmitasining sobiq rahbari, isteʼfodagi general-mayor U.Abdugʻaniyevning bojxona organlari faoliyatiga bagʻishlangan “Hayot haqiqatlari” kitobida B.Raxmonaliyev haqida bildirilgan iliq fikrlar oʻqib eshittirildi.
Tashrif soʻngida B.Raxmonaliyevning farzandlariga, marhum otasi haqida yozilgan kitob hamda boshqarmaning esdalik sovgʻalari topshirildi.
— Bojxona xodimlari va dadamning shogirdlari uni xotirlab tez-tez xonadonimizga tashrif buyurishadi. Dadam butun hayotini bejizga bojxona tizimiga sarflamagan ekan. Oʻzlari yoʻq boʻlsalarda ortlaridan yoʻqlab keladigan yaqinlari koʻp. Mana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan juda mamnunmiz,—deydi Umidjon Rahmonaliyev.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad ham, aynan inson qadri va uning xotirasi abadiy ekanligini anglashdan iboratdir.
Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan bojxona faxriylari holidan xabar olish, ularning tajribalaridan yosh avlodni tarbiyalashda foydalanish, ular bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.

13.09.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing