Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona ekspertizasi – tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning yangi bosqichida
1762
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq tovarning tasniflanishi toʻgʻri boʻlishini nazorat qilish, ularni qayta ishlash mahsulotlarida, intellektual mulkka boʻlgan huquqlarga rioya etilishi uchun identifikatsiyalash uchun bojxona ekspertizasi tayinlanadi.
Bojxona ekspertizasi – tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning  yangi bosqichida

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona Kodeksining 52-bobiga asosan bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatlarini olib borish hamda rasmiylashtiruv jarayonini tezlashtirish maqsadida tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq tasniflanishi yuzasidan dastlabki qaror qabul qilinishi mumkinligi belgilab berilgan.
Bugun ushbu yoʻnalishda ham bojxona organlari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilib, davlatimiz tashqi savdo aylanmasining tayanchi boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarida yaqindan amaliy koʻmak koʻrsatilmoqda.
Xususan, birgina Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan yil boshidan 96 ta dastlabki qaror qabul qilingan boʻlib, bu orqali tadbirkorlik subyektlarining hech qanday toʻsiqlarsiz va yanada tez fursatlarda bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishlari uchun zamin yaratilgan.
Taʼkidlash joizki, tovarlarni tasniflash boʻyicha dastlabki qarorlar ochiq axborot boʻlib, barcha yuridik va jismoniy shaxslarga ularning yozma soʻrovlariga koʻra hech bir cheklovlarsiz taqdim etiladi, bundan tijorat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir boʻlgan axborot mustasno.
Ruxsatnoma hujjatlarini olish uchun tadbirkorlik subyekti ilgari idorama-idora yurgan boʻlsa, hozirda ushbu jarayonlar onlayn “Yagona darcha” axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan 2021-yilning yanvar-avgust oylari davomida “Yagona darcha” Bojxona axborot tizimi orqali jami 3120 ta fitosanitariya, 109 ta veterinariya va 153 ta sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlaridan xulosalar, ruxsatnoma tusidagi hujjatlar olingan.
Xorijda ishlab chiqarilgan tovarlarning importi amalga oshirilganida bojxona toʻlovlarining toʻgʻri hisoblanishi tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi boʻyicha qoʻllanilgan tovar kodiga bevosita bogʻliqdir. Tovar kodini boshqa tovar kodi bilan almashtirib taqdim etish “yashirin iqtisodiyot”ning ildiz otishiga zamin yaratadi.
Tovarlarning kodini oʻzgartirib, bojxona toʻlovlaridan qochish, pirovardida, yashirin iqtisodiyotga qoʻl urishga boʻlgan urinishlar bojxona xodimlari tomonidan oʻz vaqtida fosh etilmoqda.
Xususan, boshqarmaning tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solish va bojxona ekspertizasi guruhi tomonidan 2021-yilning dastlabki 8 oyi davomida taqdim etilgan hujjatlar boʻyicha 69 ta bojxona ekspertizalari oʻtkazildi. Shundan, 43 ta holatda tovarlarning TIF TN kod raqamlari notoʻgʻri belgilanganligi aniqlanib, jami 1 mlrd. 898 mln. soʻmlik qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.
Bugun mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan imkoniyatlarning samarali va maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, “yashirin iqtisodiyot” va berilgan imtiyozlarning suiisteʼmol qilinishining oldini olishda ham bojxona ekspertizasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugungi bojxona ekspertizasi qonunchilik talablari asosida oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan halol tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashda yangi bosqichga qadam tashlamoqda. Bu esa mamlakatimizda sogʻlom raqobat muhitining shakllanib, tashqi savdo aylanmasi tovarlarining ortishiga turtki boʻlishi shubhasiz.

9.09.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing