Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Davlat bojxona qoʻmitasida “Gender strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi
663
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrnini yanada mustahkamlash, ular uchun teng sharoitlar yaratib berishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

2021-yilning 7-sentyabr kuni Davlat bojxona qoʻmitasida Davlat bojxona xizmati organlarida xizmat qilayotgan ayollar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Gender strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahat-kengashi vakillari, Davlat bojxona xizmati organlaridagi Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlarining Qoʻmita, hududiy bojxona boshqarmalari, Milliy kinologiya markazi va Bojxona institutidagi shaxodatlangan ayolllarining vakilalari ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tizimida gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan faoliyat bilan tanishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M. Kadirxanova, Senat huzuridagi Ekspertlar kengashi aʼzosi G. Ishanxanova va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlim boshligʻi U. Abdullayevalar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirni ochar ekan, DBQ Raisining oʻrinbosari U. Kodirov Oʻzbekiston Respublikasida xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, ularning davlat va jamiyat qurilishi va boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi bois ularning jamiyatda tutgan oʻrni ham mustahkamlanib borayotganligini taʼkidlab, seminarga tashrif buyurgan ekspertlarga va tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Seminarda birinchi boʻlib soʻzga chiqqan M. Kadirxanova “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining mazmun-mohiyati” mavzusida ishtirokchilarga maʼruza qildi. Senat huzuridagi Ekspertlar kengashi aʼzosi G. Ishanxanova “Oʻzbekistonda gender masalalarga oid milliy qonunchilik” yuzasidan, U. Abdullayeva esa “Xotin qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishda himoya orderining ahamiyati” yuzasidan maʼruza qildilar.

Taʼkidlanganidek, Davlat bojxona qoʻmitasining 2020-yil 29-iyundagi “Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahat-kengashi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 115-son buyrugʻi bilan “Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahat-kengashi toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlanib, unga asosan Maslahat Kengashi nizomi va Maslahat Kengashi tarkibi tasdiqlanib, maslahat kengashining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Davlat bojxona qoʻmitasi 2020-yil 30-iyundagi yigʻilish bayoniga asosan esa, Davlat bojxona qoʻmitasi Markaziy apparatida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahat-kengashi tarkibi ham tasdiqlandi.

Hozirgi kunda tizimda 324 nafar ayollar xizmat qilmoqda. 18 nafar ayollar esa rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Bugungi kunda ayollarimiz DBQ markaziy apparati, hududiy bojxona boshqarmalari apparati, chegara va TIF bojxona postlari, Bojxona instituti va Milliy kinologiya markazida turli lavozimlarda samarali xizmat qilib kelmoqdalar.

Hususan, bojxona organlarining asosiy yoʻnalishlari hisoblangan bojxona toʻlovlari, xavfni boshqarish, innovatsiya, bojxona ekspertizasi kabi boshqarmalarda, shuningdek surishtiruvchi, tezkor xodim, kinolog, dasturchi, qurilish muhandisi, buxgalter va shifokorlar shular jumlasidandir.

Bugungi kunga qadar ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 100 ga yaqin xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Ushbu xalqaro hujjatlarning qabul qilinishi ayollar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlarini qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha xalqaro-huquqiy asos boʻlib xizmat qildi.

Yurtimizda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida albatta xalqaro konvensiyalarga qoʻshilish hamda milliy qonunchilik bazasini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shubhasiz, milliy qonunchilikni takomillashtirishda xalqaro konvensiyalarning oʻrni katta hisoblanib, bu borada BMT Bosh Assambleyasining 1979-yil 18-dekabrdagi 34/180-son rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida”gi Konvensiya muhim oʻrin egallaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Olmy Majlisining 1995-yil 6-maydagi 87-I-son Qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga qoʻshilgan boʻlib, bugungi kunda Konvensiyaning barcha talablari bajarib kelinmoqda.

“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda “gender” tushunchasiga taʼrif berilgan boʻlib, unga koʻra gender – xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʻladigan ijtimoiy jihat hisoblanadi. Jamiyatda ayol va erkaklarning oʻz oʻrnini topishi uchun davlat ularga bir xil sharoit va imkoniyat yaratib berishi gender tenglikni taʼminlash uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Seminar soʻngida ishtirokchilar tomonidan koʻrilgan mavzular asosida savollar berilib ularga atroflicha javoblar olindi.

8.09.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing