Xususan mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami munosabati bilan Namangan shahridagi 26-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga quvonch ulashish maqsadida Namangan viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan viloyat Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda koʻngilochar tadbirlar tashkil etildi.
Dastlab viloyat bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari B.Karamanov boshchiligida ushbu mehribonlik uyiga tashrif buyurib, tarbiyalanuvchilarni mustaqilligimizning 30 yilligi bilan bojxonachilar nomidan tabriklandi hamda oʻquvchilarga oʻquv-qurollari va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shundan soʻng, ushbu mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini sportga jalb qilish hamda ularning vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida mini futbol musobaqasi va Namangan shahridagi “Afsonalar bogʻi”ga sayohat tashkil etildi.
Tadbirda tashkil etilgan mini futbol musobaqasida 26-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, viloyat bojxonachilari va milliy gvardiya xodimlari oʻzaro bellashishdi. Musobaqa natijasiga koʻra mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari faxrli birinchi oʻrinni egallab, musobaqa kubogi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Tadbir soʻngida Namangan shahrida joylashgan “Diyor” tantanalar majmuasida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.
6.09.2021