Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tizimida tovarlarning namunalari va sinamalarini tasarruf etish tartibi qanday?
1077
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tizimida tovarlarning namuna va sinamalarini tasarruf etish toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 145-son Qarori bilan bojxona organlari tizimida tovarlarning namunalari va sinamalarini tasarruf etish tartibi belgilab qoʻyilgan. Nizomga koʻra, namunalar yoki sinamalar tovarlarni identifikatsiyalash va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga binoan tovar kodini aniqlash maqsadlarida olinadi.

Tadqiqot (ekspertiza) maqsadlari uchun erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilayotgan tovarlardan namunalar yoki sinamalar olish bojxona organi boshligʻi tomonidan masʼul etib tayinlangan bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan tovarga nisbatan vakolatga ega boʻlgan shaxs, shuningdek, zaruratga koʻra (zaharli, toksik, kuchli taʼsir qiluvchi tovarlar), mutaxassis ishtirokida amalga oshiriladi.

Bunda bojxona organi mansabdor shaxsi namunalar yoki sinamalar tovar partiyasining tarkibi va xususiyatlarini toʻliq ifodalash hamda olingan namunalar yoki sinamalar, shuningdek, maʼlumotlarning ishonchliligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Namunalar yoki sinamalar uch nusxada olinib, yoʻllanma xati orqali namunalar yoki sinamalar bilan bojxona laboratoriyasiga jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan tanlangan kuni yuboriladi.

Tovar miqdori uch nusxada namunalar yoki sinamalar olish imkoniyatini bermasa, u holda tovardan bir nusxada namuna yoki sinama olinib, yoʻllanma xati orqali laboratoriyaga yuboriladi.

Namunalar yoki sinamalarning har bir nusxasi mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq qadoqlanib, maxsus qadoq ustidagi jadval tovar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan toʻldiriladi hamda jismoniy yoki yuridik shaxsning masʼul etib tayinlagan xodimlari tomonidan imzolanadi va paketning belgilangan qismiga muhr bosiladi.

Tadqiqot (ekspertiza) natijasida tovarning bojxona laboratoriyasi eksperti tomonidan aniqlangan TIF TN kodi bojxona yuk deklaratsiyasida koʻrsatilgan kodga mos kelsa — ijobiy ekspertiza xulosasi yoki tovarning bojxona laboratoriyasi eksperti tomonidan aniqlangan TIF TN kodi bojxona yuk deklaratsiyasida koʻrsatilgan kodga mos kelmasa — salbiy ekspertiza xulosasi beriladi. Bojxona ekspertizasi yigirma ish kunigacha boʻlgan vaqtda oʻtkaziladi.

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati

3.08.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing