Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Janubiy vokzaldan gapiramiz: Zamonaviy qullikka rozi boʻlmang!
1337
“30-iyul – Xalqaro odam savdosiga qarshi kurash kuni” munosabati bilan Respublika “ISTIQBOLLI AVLOD” ijtimoiy-axborot markazi, Tashqi mehnat migratsiyasi, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi va ichki ishlar idoralari xodimlari bilan hamkorlikda “Odam savdosiga qarshi kurashish oyligi” doirasida Toshkent Janubiy vokzalida targʻibot-tashviqot tadbirlari tashkil etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 30-iyul – Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb eʼlon qilingan.

Жанубий вокзалдан гапирамиз: Замонавий қулликка рози бўлманг!

Afsuski, dunyo boʻylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targʻibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, yaʼni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli.

BMT maʼlumotiga koʻra, dunyoda har yili taxminan 2 milliondan ortiq insonlar odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan.

Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayolllar va bolalardir. Har yili dunyo boʻyicha 600–800 ming nafar ayolllar va bolalar aldov yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri boʻlgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston 2003-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiyaga qoʻshildi. 2008-yilning 17-aprelida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan edi.

2020-yilning 17-avgustida yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunga odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini taʼminlash tartibi va jabrlanganlar haqidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash tartibi, ularga taqdim etiladigan xavfsizlik choralari, boshqa kafolatlar kabi yangi normalar kiritildi.

Odam savdosiga qarshi kurashishda bojxona organlarida ham boshqa huquqni muhofaza qilish organlar, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Targʻibot-tashviqot tadbirlari davomida aholiga bu jirkanch illatning mazmuni, buning tub ildizlari xususida batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbirlar davomida odam savdosini oldini olishga qaratilgan 100 dan ortiq devoriy suratlar, plakatlar, broshyuralar tarqatildi.

Hulosa oʻrnida shuni alohida qayd etib oʻtish kerakki, odam savdosiga qarshi kurash borasida aholining turli qatlamlari, ayniqsa, ayollar va voyaga yetmagan shaxslarga odam savdosi kabi illatning farovon turmush-hayotimizga soladigan xavfi va salbiy oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borish, yaʼni, aholining gavjum joylarida, mahallalarda, turli xil taʼlim muassasalarida, davlat idoralari, korxona, muassasa, tashkilotlarda targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish, keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish, ularda huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish asosiy vazifalardan biridir.

Otabek ODILOV,
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati katta inspektori

30.07.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing