Shu munosabat bilan Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida “Gender tenglik – davr talabi“ mavzusida davra suhbati boʼlib oʼtdi.
Unda viloyat Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash boshqarmasi Xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish boʼlimi boshligʼi Lola Mamaraximova hamda bojxona boshqarmasi rahbariyati va shaxsiy tarkib ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat bojxona boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosari Sohibjon Qurbonov ochib berdi hamda bojxona organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimlarga ishlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, viloyat bojxona boshqarmasi Xotin-qizlar boshlangʼich tashkiloti tomonidan oʼtgan davr davomida amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʼgʼrisida toʼxtalib oʼtdi.
Tadbirda xotin-qizlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlashning huquqiy asoslari, ilmiy-innovatsion ishlanmalarda ularning ishtirokini taʼminlash, sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarga yanada qulay biznes muhitini yaratish borasidagi dolzarb masalalar xususida soʼz yuritildi.
Oʼzaro muloqot davomida bugungi kunda faol isteʼmolda boʼlgan gender soʼzining tushunilishi va qoʼllanish holatlaridagi notoʼgʼri talqin va tasavvurlar borasida fikr almashildi.
Gender tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi. Har ikki jins vakillarining oʼz orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ilgari suradi, xolos. Аynan rivojlangan jamiyatning talablaridan biri bu erkak va ayol huquqlari tengligining taʼminlanishidadir. Bu esa oʼz navbatida har bir mamlakatda siyosiy va iqtisodiy oʼsishga erishishda katta yordam berishi mutaxassislar tomonidan taʼkidlab oʼtildi.
Gender tenglik jamiyat rivojida muhim boʼlgan ijtimoiy munosabatlarda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi bugungi kunda yanada yaqqol namoyon boʼlmoqda. Bugun oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta oʼzgarishlar amalga oshirilayotgani borasida soʼz bordi.
Maʼruzalardan soʼng bojxonachilar oʼzlarini qiziqtirgan savollariga bilan mutaxassislardan aniq javoblar olishdi.
6.04.2021