Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʼyicha komissiyasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova ishtirok etdi.
Tadbirni ochar ekan, DBQ Raisining birinchi oʼrinbosari I.Muxtorov, Oʼzbekiston Respublikasida xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, ularning davlat va jamiyat qurilishi va boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi bois ularning jamiyatda tutgan oʼrni ham mustahkamlanib borayotganligini taʼkidladi.
Jumladan, bugungi kunga qadar ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 100 ga yaqin xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Ushbu xalqaro hujjatlarning qabul qilinishi ayollar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlarini qonunchilikka implementatsiya qilish boʼyicha xalqaro-huquqiy asos boʼlib xizmat qildi.
Yurtimizda ushbu yoʼnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida albatta xalqaro konventsiyalarga qoʼshilish hamda milliy qonunchilik bazasini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Soʼngi ikki yil ichida Oʼzbekiston Respublikasida bu borada 2 ta Qonun, 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan boʼlib, bular:
- Oʼzbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi OʼRQ-561-son Qonuni.
- Oʼzbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisida”gi OʼRQ-562-son Qonuni.
- Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil
4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 3-son qarori.
Shubhasiz, milliy qonunchilikni takomillashtirishda xalqaro konventsiyalarning oʼrni katta hisoblanib, bu borada BMT Bosh Аssambleyasining 1979 yil 18 dekabrdagi 34/180-son rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisida”gi Konventsiya muhim oʼrin egallaydi.
Oʼzbekiston Respublikasi Olmy Majlisining 1995 yil 6 maydagi 87-I-son Qarori bilan Oʼzbekiston Respublikasi mazkur Konventsiyaga qoʼshilgan boʼlib, bugungi kunda Konventsiyaning barcha talablari bajarib kelinmoqda.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda «gender» tushunchasiga taʼrif berilgan boʼlib, unga koʼra gender – xotin-qizlar va erkaklar oʼrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʼladigan ijtimoiy jihat hisoblanadi. Jamiyatda ayol va erkaklarning oʼz oʼrnini topishi uchun davlat ularga bir xil sharoit va imkoniyat yaratib berishi gender tenglikni taʼminlash uchun asos boʼlib xizmat qilmoqda.
Seminar davomida ishtirokchilar guruhlarga boʼlingan holda amaliy mashgʼulotlar ham oʼtkazildi. Mazkur mashgʼulotlar qizgʼin bahs-munozaralarga boy boʼldi.
2.04.2021