Tizimda xizmat qilayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash, shuningdek, “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da yosh bojxona xodimlarini sogʼlom oila qurish, sogʼlom farzandni dunyoga keltirish, sogʼlom turmush tarzini yuritish boʼyicha bilim va koʼnikmalarini oshirish yuzasidan doimiy ravishda nazariy-amaliy tadbirlar oʼtkazilishi yoʼlga qoʼyilgan.
Shunday tadbirlarning biri Qoraqalpogʼiston Respublikasi bojxona boshqarmasida boshqarmaning xotin-qizlar masalalari boʼyicha boshlangʼich tashkiloti Raisi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqining boshqarmadagi boshlangʼich tashkiloti yetakchi va sardorlari tashabbusi bilan “Zoʼrlik ishlatishdan jabr koʼrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʼz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazining Qoraqalpogʼiston boʼlimi” psixologi R.Аmanova ishtirokida tashkil etildi.
Boshqarmada xizmat qilayotgan xotin-qizlar va yosh xodimlar ishtirok etgan mazkur seminar-treningda gender tenglik siyosati va oila institutini qoʼllab-quvvatlash jamiyat va davlat taraqqiyotining muhim omili ekanligi, xotin-qizlar oʼrtasida nosogʼlom diniy oqimlar taʼsiriga tushib qolishning hamda turli salbiy holatlarning, shu jumladan, oilaviy nizolar va ajrashishlarning barvaqt oldini olish borasida keng koʼlamli tushuntirishlar berildi.
Har qanday vaziyatda inson oʼz oʼzini psixologik boshqarish, hissiyotlarini vaqtida jilovlash boʼyicha koʼnikmalar seminar soʼngida amaliy mashqlarda sinab koʼrildi.
Bojxona organlarida tashkil etilayotgan bu kabi treninglar soha xodimlarining kelajakdagi faoliyatlarida samaradorlikning yanada ortishi, oilaviy nizolarning oldi olinishi va gender tenglikning taʼminlanishida katta turki boʼlishi shubhasiz.
22.03.2021