U moʼʼtabar ona, suyukli yor, mehribon opa-singil, jajjigina farishta-qizaloq. Har bir inson hayotida uning oʼrni beqiyos.
Mamlakimiz sarhadlarida mard oʼgʼlonlar bilan yelkama-elka tun-u kun sergak turgan, davlatimizning iqtisodiy xavfsizligi yoʼlida vijdonan xizmat qilayotgan bojxonachi ayol-qizlar ham bugun tizim xodimlari tomonidan alohida eʼtibor va hurmatga sazovor boʼlib kelmoqda.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi bojxona boshqarmasida goʼzallik va nafosat bayrami boʼlgan “8 mart – xalqaro ayol-qizlar bayrami” katta shodiyona bilan nishonlandi. Boshqarmada tashkil etilgan bayromona tadbirda rahbariyat, bojxona tizimida beminnat xizmat qilib, bugun isteʼfoda boʼlgan hurmatli faxriylar, tizimda xizmat qilayotgan shahodatlangan va erkin-yollangan ayol-qizlar ishtirok etishdi.
Tadbirni boshqarma boshligʼi oʼrinbosari L.Аlimov ochib berib, aziz va munis onaxonlar, dilbar opa-singillar, sohamizning barcha muxtarama ayollari hamda goʼzal qizlarini nafis bahor, latofat va mehr ramzi boʼlgan bayram bilan tabriklab, Davlat bojxona qoʼmitasi Raisining tizim ayollariga yoʼllangan tabrigini oʼqib eshittirdi.
Oʼz nutqi davomida bojxona xizmati podpolkovnigi L.Аlimov bojxona tizimida ham ayollarning oʼrni tobora ortib borayotgani, gender tenglik boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda ayol xodimalar tomonidan erishilayotgan yutuqlarni alohida eʼtirof etdi.
Shuningdek, bojxona faxriylari uyushmasi Raisi, faxriy-ayollar hamda boshqa xodimlar bugungi bayram bilan barcha hamkasabalarni muborakbod etishdi.
Tadbir davomida bayram munosabati bilan oʼtkazilgan sport musobaqalari sovrindorlari ham diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Davlatimiz, jamiyatimiz va butun bojxona tizimi tomonidan xodima ayol-qizlarga qaratilayotgan bu kabi eʼtibor, eʼzoz va hurmat, oʼylaymizki, ularning Ona-Vatanga, oʼz xalqiga yanada katta shijoat va joʼshqinlik bilan xizmat qilishga ruhlantiradi.
Bayramingiz muborak boʼlsin, aziz ayollar!
9.03.2021