Mazkur Farmonlardan kelib chiqib 2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda uning asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi.
“Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga binoan 2021-yil 1-apreldan boshlab oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etish belgilangan. Mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib hududlarda korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etildi. Bu kurslarda qatnashchilar 1 oy davomida oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish boʻyicha bilimlar olib, kurs yakuni boʻyicha imtihon topshiradilar. Kurs soʻngida oʻtkazilgan imtihondan ijobiy natija olgan qatnashchilarga davlat tilini bilish daraja sertifikatlari beriladi.
Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ham rejali tarzda Fargʻona davlat universitetida tashkil etilgan “Oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish” kursida qatnashib, oʻzlarining bilimlarini oshirmoqdalar. Jumladan, boshqarmaning Kadrlar boʻlimi xodimi Nasimbek Gʻolibov ham mazkur kursda faol qatnashib, kurs yakuni boʻyicha oʻtkazilgan test natijalariga koʻra “aʼlo” baholandi hamda davlat tilini bilish daraja sertifikatiga ega boʻldi.
5.12.2020