Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Bojxona sohasidagi islohotlar yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladi
1784
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat bojxona xizmati organlari faoliyatidagi tartib-taomillar tadbirkorlik subyektlari foliyatiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri sifatida baholandi.
Bojxona sohasidagi islohotlar yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladi

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida bojxona sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish rejalari belgilab olindi.

2018 yilda bojxona organlari tomonidan faol tadbirkorlikni, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida, bojxona sohasida yaratilayotgan imtiyozlar, yengilliklar va qulayliklar haqida keng ommani xabardor qilish va viloyat hududida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashish maqsadida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi hamda Navoiy shahar hokimligi, viloyat Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuv avvalida tadbirkorlik subyektlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning ishlab chiqarish salohiyati namoyish etildi.

Shundan so‘ng, bojxona sohasida yaratilayotgan imtiyozlar, yengilliklar va qulayliklar haqida yig‘ilganlarga batafsil tushuntirishlar berildi.

Avvalo Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Nima uchun mamlakatimiz hududining o‘zida bitta yuk bir necha marta tekshirilishi kerak?” degan dolzarb savolni bildirib, bojxona nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim innovatsion g‘oyani o‘rtaga tashlaganlari, ya’ni, tovarlarni bojxona ko‘rigini tanlab tekshirish prinsipiga rioya etgan holda xavfni boshqarish tizimini qo‘llash bo‘yicha bojxona organlari zimmasiga muhim vazifa belgilab berilganligi aytib o‘tildi.

Ta’kidlandiki, ushbu e’tirozdan kelib chiqib, Davlat bojxona qo‘mitasining alohida ko‘rsatmasi ishlab chiqildi va endilikda respublikaga olib kirilayotgan va undan olib chiqilayotgan tovarlar faqat dastlabki bojxona rejimiga rasmiylashtirish vaqtida bir marotaba bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Muxtasar qilib aytganda, halol tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan o‘tkazish, aksincha belgilangan bojxona qoidalarini buzgan tadbirkorlik subyektlarini esa to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida bunday tizim yaratildi.

Shuningdek, tadbirda bojxona sohasidagi quyidagi yangiliklar tadbirkorlar e’tiboriga yetkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 3 noyabrdagi PQ-3351-son qarori qabul qilinganligi hamda ushbu qarorga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda bir qator qulayliklar yaratilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Xususan, 2017 yil 1 dekabrdan boshlab:

- tovarlar eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan vaqtdan e’tiboran 120 kundan keyingina muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishi belgilanadi. Bunga qadar ushbu muddat faqat ayrim tashkilotlar uchun 90 kunni, umumiy ma’noda esa 60 kunni tashkil etar edi. Shu bilan birgalikda tovarlar O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan ularning chet eldagi savdo uylariga eksport qilinganda, hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining a’zolari tomonidan — Palataning savdo-investitsiya uylariga eksport qilinganda ushbu muddat 180 kunni tashkil etishi belgilandi.

- tadbirkorlik subyektlariga tovarlarni (maxsus tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlarni eksport kontrakti tuzmasdan, invoyslar asosida, eksport qilish vakolati berildi.

- “Vaqtincha olib kirish” bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta eksport qilinishi uchun bojxona organlari tomonidan ruxsatnoma berish tartibi bekor qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzvot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvtlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 6 noyabrdagi PQ-3377-son qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq aynan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uchun quyidagi imtiyozlarberildi:

- meva sabzavot mahsulotlarini eksport shartnomasi tuzmasdan invoys asosida ayrim talablarga rioya qilgan holda eksport qilish huquqi berildi.

- meva-sabzavot mahsulotlari eksportida bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish ko‘rik dalolatnomasi rasmiylashtirilgandan keyin 3 soat ichida amalga oshirish tartibi o‘rnatildi.

 

Shuningdek, yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslarni bojxona nazoratidan o‘tkazishni soddalashtirish va bu orqali bojxona nazoratiga ketadigan vaqtni qisqartirish maqsadida ikki yo‘lakli tizimni joriy etish topshirig‘i berilgan edi. 2018 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi amaliyotga tatbiq etildi. Hozirda yashil yo‘lakdan deyarli 96 % yo‘lovchilar harakatlanmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan ekvivalenti 2 000 AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyutani yozma deklaratsiyalash talabi bekor etildi. Ekvivalenti 2000 AQSH dollaridan ko‘p, biroq 5000 AQSH dollaridan oshmagan miqdordagi naqd xorijiy valyuta Respublikadan chiqishda faqatgina yozma deklaratsiya qilinadi.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da bojxona sohasida amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladi.

N.Raxmonova,

Navoiy viloyati 
bojxona boshqarmasi 

Axborot xizmati xodimi

18.01.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing