Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Yangi Farmon tadbirkorlarga keng imkoniyat beradi
1696
Ma’lumki, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar ko‘lami doirasida tadbirkorlik subyektlariga ularning erkin faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Bugun mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, qayta ishlash, eksport hajmini oshirish, ichki bozor va ichki iste’molni to‘la ta’minlashni yanada kengaytirishga oid qator hujjatlar imzolanib, aniq manzilli chora-tadbir dasturlari hayotga izchil va samarali tatbiq etilmoqda.

Ammo, shunga qaramay aholi talab va ehtiyoji yuqori bo‘lgan oziq-ovqat tovarlarini import qilishda to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish ko‘zda tutilayotgan bir paytda mahsulotlar importining ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan monopollashtirilishi, sun’iy taqchillikni yuzaga keltirish oqibatida narx-navoni asossiz oshilishi kabi holatlar kuzatilgani hech kimga sir emas.

Shu bois, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, shuningdek mazkur sohadagi mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yil 16 yanvar kuni Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga binoan, 2018 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga oziq-ovqat tovarlarini import qilish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga taqdim qilingan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalar bekor qilingan. 

Mazkur talablar buzilgan hollarda aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan jinoiy javobgarlikka tortilishi ko‘rsatildi. 

Bundan tashqari, belgilandiki, 2018 yil 1 fevraldan boshlab: 

Iste’mol tovarlarini respublika tovar xom-ashyo birjalarida sotish (sotib olish)ga taqiq bekor qilinadi; 

Shakar ishlab chiqaruvchilar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatga import xom-ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar qismiga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi; 

Iste’mol tovarlarini tovar xom-ashyo birjalariningochiq elektron savdolarida sotish (sotib olish) uchun ulgurji savdoni amalga oshirishga litsenziya mavjudligi talab etilmaydi; 

Ulgurji savdoga litsenziya olishda eng kam ish haqining 3500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda, shundan pul mablag‘lari eng kam ish haqining 1200 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantirilgan ustav fondi mavjudligi haqidagi talab bekor qilinadi; 

ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari turlarini ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan import qilish istisno hollarda va faqat tovar-xom ashyo birjalari, jumladan xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolari tizimi orqali amalga oshiriladi; 

oziq-ovqat mahsulotlarining rejalashtirilayotgan xaridi, Jamg‘arma mablag‘lari tushumi va xarajatlari to‘g‘risidagi batafsil axborot har oy O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida e’lon qilib boriladi; 

birja brokerlari tijorat banklariga mijoz — norezident nomidan tovar-xom ashyo birjasining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutani sotib olish (sotish)ga talabnoma berish, norezident — yuridik shaxslar esa O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida hisob raqamlari ochish va tovar-xom ashyo birjasining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutani sotib olish (sotish)ni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. 

Shuningdek, farmonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini pasaytirish va barqarorlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdagi sansolarlik va byurokratiyani bartaraf etish, shuningdek, respublikada ishchanlik muhitini yaxshilash bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritish maqsadida tadbirkorlik subyektlari, jumladan, ahamiyatga molik oziq-ovqat tovarlarini eksport va import qiluvchilar, chet ellik investorlar hamda xorijiy hamkorlar bilan doimiy asosda muntazam ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etish nazarda tutilgan. 

O‘ylaymizki, mazkur farmon mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash, bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.

T.Saidov

Surxondaryo viloyati

bojxona boshqarmasi boshlig‘i,

bojxona xizmati polkovnigi

29.01.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing