Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Reklamada milliy va oilaviy an'analarga zid bo’lgan obrazlardan foydalanish taqiqlanadi
595
“Reklama to'g'risida”gi Qonun (O‘RQ–776-son, 07.06.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Reklamada milliy va oilaviy an'analarga zid bo’lgan obrazlardan foydalanish taqiqlanadi

Qonunning maqsadi reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonunga ko'ra reklamada, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

  • maktabgacha ta'limda hamda tarbiyada, umumiy o'rta, o'rta maxsus va professional ta'limda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlarni reklama qilish;
  • narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko'rsatish;
  • bolalarni ularning sog'lig'iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko'rsatmasdan reklama qilish;
  • milliy va oilaviy an'analarga, shuningdek axloq va ma'naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo'lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish.

Qonunga muvofiq, voyaga yetmaganlarning ishonchini va tajribasi yetishmasligini suiiste'mol qilishdan himoya etish maqsadida reklamada, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

  • xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sog'lig'iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o'z sog'ligiga zarar yetkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga yetmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;
  • ota-onalar va tarbiyachilarni obro'sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo'lgan ishonchiga putur yetkazish;
  • voyaga yetmaganlar olishi yoki iste'mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo'ljallangan telekanallarda, teleko'rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko'rinishi shifokorlarning tashqi ko'rinishiga o'xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi.

Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko'rsatuv vaqtining 1 soati davomida 20 foizdan, biroq bir sutkada ko'rsatuv vaqtining 15 foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davomiyligi 10 daqiqadan kam bo'lgan teleko'rsatuvlarni reklama bilan uzib qo'yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo'l qo'yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

  • reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;
  • tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;
  • reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;
  • tele- va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o'tgach kuchga kiradi.

Manba: O‘RQ–776-son Qonun, 07.06.2022-y.

16.06.2022

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing