Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Toshkent shahar bojxona boshqarmasida 8 oyda qanday natijalarga erishildi?
1507
Bojxona organlari tomonidan mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, bojxona toʻlovlarini undirish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda chek qoʻyish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasida 8 oyda qanday natijalarga erishildi?

Buni birgina Toshkent shahar bojxona boshqarmasi misolida tahlil qiladigan boʻlsak, 2021-yilning yanvar-avgust oylari mobaynida boshqarma tomonidan 8,9 trln. soʻmlik bojxona toʻlovlari undirilib, davlat byudjetiga oʻtkazilishiga erishildi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida bojxona toʻlovlaridan salkam 7 trln. 697,5 mlrd. soʻm imtiyozlar berildi.
Imtiyoz qoʻllanilgan asosiy tovarlar tarkibini transport vositalari va uning qismlari, texnologik asbob-uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, tibbiyot asbob-uskunalari hamda maishiy-texnika va ularning qismlari tashkil etdi.
Shuningdek, boshqarma tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 372,1 mlrd. soʻmlik bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash imkoniyati berildi.
Bu esa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijga eksport qilishni munosib ragʻbatlantirishga xizmat qilib kelmoqda.
Masalan, joriy yilning oʻtgan 8 oyi mobaynida 1 mlrd. AQSH dollaridan ortiq boʻlgan tovarlar xorijiy mamlakatlar bozorlariga yoʻnaltirildi.
Mazkur koʻrsatkich 2020-yilning mos davriga nisbatan 120,9 mln. AQSH $ yoki 13 %ga oshdi.
Tovarlar 80 ga yaqin davlatlarga eksport qilingan boʻlib, asosiy hamkor davlatlar Rossiya, Turkiya, Xitoy va Qozogʻiston davlatlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda.
Eksport qilingan asosiy tovarlar: metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, toʻqimachilik, elektronika va ularning qismlari, kalava ip, oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda.
Bojxona postlarida jami 44 164 ta bojxona koʻrigi jarayonlari amalga oshirilib, 200 687 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi.

Bojxona yuk deklaratsiyalarini Xavfni boshqarish axborot tizimi boʻyicha yoʻlaklar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, deklaratsiyalarning 54 149 tasi, yaʼni (27 %); “yashil yoʻlak”, 97 072 tasi (48,4 %) “sariq yoʻlak”, 49 466 tasi (24,6 %) “qizil yoʻlak” tartibida rasmiylashtirilgan.
Boshqarmada bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishini oldini olish, aniqlash va ularga chek qoʻyish, kontrabandaga qarshi kurashish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, hisobot davrida 1582 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, natijada 210,1 mlrd. soʻmlik tovar-moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olindi.
Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari boʻyicha 46,5 mlrd. soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.
Boshqarma tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash yoʻnalishida 55 ta holatda 49 kg. 319,65 gr., jumladan, 8020 dona “tramadol” giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi, zaharli va zaharlovchi moddalarni noqonuniy aylanishi bilan bogʻliq 14 ta holatda 846 dona psixotrop tabletka va 4 kg. 598,85 gr. kuchli taʼsir etuvchi modda va 13 187 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ushlab qolindi.

Bundan tashqari, tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida 1 mlrd. 908,3 mln. soʻmlik 108 870 quti tamaki mahsulotlari, 11 mlrd. 500,7 mln. soʻmlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib oʻtilishi bilan bogʻliq huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.
Boshqarmada 8 oy davomida qilingan ishlar, aniqlangan holatlar, oʻtkazilgan uchrashuvlar, sayyor qabullar targʻiboti yuzasidan mahalliy hamda markaziy televideniyalar, radio va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali jami 1 330 marotaba chiqishlar amalga oshirildi.
Kelgusida ham quyidagilar yoʻnalishlar boshqarmaning asosiy strategik yoʻnalishlari boʻlib qoladi:
- Kontrabanda va bojxona qonun buzilishiga qarshi murosasiz kurashish;
- Fiskal vazifalarni ortigʻi bilan bajarish, bojxona toʻlovlarini oʻz vaqtida va toʻgʻri undirish;
Bunda, ilgʻor usullarni qoʻllagan holda bojxona nazoratini olib borish
- Zamonaviy texnologiyalar va maxsus texnik vositalarni qoʻllagan holda faoliyat samaradorligini oshirish;
- Bojxona protseduralarini soddalashtirish, xavfni boshqarish mexanizmlari orqali halol tadbirkorlarga imtiyozli bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish;
- Kadrlar bilan ishlash va korrupsiyaga qarshi kurashish.
Shu oʻrinda fuqarolarga boshqarma faoliyatiga oid maʼlumotlarni telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali https://t.me/tshbb_bojxona kanali orqali kuzatib borishlari, boshqarma faoliyatini takomillashtirish, eksport-import operatsiyalari bilan bogʻliq murojaatlarini boshqarmaning 71-207-09-39 telefon raqami yoki toshkent_shahri@customs.uz,tashkent_customs@exat.uz pochta manzillari orqali yoʻllashlari mumkinligini eslatib oʻtamiz.

15.09.2021

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing