Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi
895
Muhtaram Rais Voʼlkan Bozkir janoblari! Muhtaram Bosh kotib Аntoniu Guterrish janoblari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Bosh Аssambleyaning yetmish beshinchi sessiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida birinchi marta butunlay yangi formatda – koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida boʼlib oʼtmoqda.

Bunday global falokat sayyoramizda soʼnggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol koʼrsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar oʼzaro bogʼliq ekanini, oʼrtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik oʼta muhimligini isbotladi.

Shu yoʼlda barchamiz hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining oʼzaro saʼy-harakatlarini birlashtirish, umumiy masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish, Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur angladik.

Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir.

Bu borada biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʼgʼrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etamiz. Ushbu hujjatda har bir davlatning oʼz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Biz Oʼzbekistonda KOVID-19 qayd etilgan dastlabki kunlardan boshlab barcha saʼy-harakat va resurslarimizni bu xavfli kasallikni jilovlash va eng asosiysi – odamlar hayotini saqlab qolishga qaratdik.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun ijtimoiy himoya va sogʼliqni saqlash tizimlari keskin kuchaytirilmoqda, aholiga, iqtisodiyot tarmoqlari va biznesga manzilli koʼmak koʼrsatilmoqda. Shu maqsadda maxsus jamgʼarmalar tuzildi.

Fursatdan foydalanib, sinovli damlarda bizga begʼaraz yordam koʼrsatgan barcha doʼst va hamkorlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Biz xalqaro hamjamiyatning pandemiyaga qarshi samarali kurashish boʼyicha barcha harakatlarini, jumladan, zarur dori-darmon hamda vaktsinalar ishlab chiqish va ulardan keng foydalanishga qaratilgan tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlaymiz.

Shuningdek, Bosh kotib Аntoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʼishlangan sammitni oʼtkazish boʼyicha taklifini maʼqullaymiz.

Hurmatli Bosh Аssambleya sessiyasi ishtirokchilari!

Bundan uch yil muqaddam men Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy minbaridan Oʼzbekistonning tub islohotlarni amalga oshirish boʼyicha qarori qatʼiy ekanini aytgan edim.

Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish boʼyicha keng koʼlamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi Oʼzbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik oʼzgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.

Oʼtgan yili Parlamentga oʼtkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri oshganini namoyish etdi.

Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʼrni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga koʼpaydi.

Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay oʼzgardi. Majburiy va bolalar mehnati toʼliq tugatildi. Inson huquqlari boʼyicha Milliy strategiya qabul qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi boʼlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʼiga javoban shu yilning oʼzida 50 ming yurtdoshimizga Oʼzbekiston fuqaroligi berildi.

Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʼrikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir.

Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʼnaltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʼtarildi. Bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biz birinchi marta kambagʼallikni kamaytirish haqidagi qatʼiy qarorimizni ochiq eʼlon qildik.Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʼshimcha ish oʼrinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga oʼrgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam koʼrsatish orqali erishmoqdamiz.

Mamlakatimiz aholisining yarmidan koʼpini yoshlar tashkil etadi. Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʼrin egallashi va oʼz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʼzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʼrsatmoqda.

Аvgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yoshlar huquqlariga bagʼishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli oʼtkazildi.

Fursatdan foydalanib, yana bir bor Yoshlar huquqlari toʼgʼrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konventsiyasini qabul qilish boʼyicha Oʼzbekiston tashabbusini qoʼllab-quvvatlashga chaqiraman.

Bundan tashqari, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʼgʼrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz.

Hurmatli doʼstlar!

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub oʼzgarishlar yuz bermoqda. Biz mintaqa davlatlari oʼrtasida yaxshi qoʼshnichilik va oʼzaro ishonch, doʼstlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam oʼtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutugʼimiz boʼldi.

Oxirgi toʼrt yilda Oʼzbekistonning qoʼshni davlatlar bilan oʼzaro savdo hajmi salkam besh barobarga oʼsdi.

Mamlakatlarimiz ushbu sinovli kunlarda bir-birini yolgʼiz qoldirmasdan, oʼzaro yelkadosh boʼldilar.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turibdi. U ham boʼlsa, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʼlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdir.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etamiz.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qoʼshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʼishlangan xalqaro konferentsiyani oʼtkazish tarafdorimiz.

Maʼlumki, mintaqamizning koʼhna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega. Biz 2021 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni oʼtkazishga tayyormiz.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Biz Аfgʼonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz. 2018 yil mart oyida oʼtkazilgan Аfgʼoniston boʼyicha oliy darajadagi Toshkent konferentsiyasi afgʼon muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich boʼldi.

Biz joriy yilning sentyabrь oyida Doha shahrida afgʼon siyosiy kuchlari oʼrtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini toʼla qoʼllab-quvvatlaymiz. Bu muzokaralar jafokash afgʼon zaminida tinchlik va barqarorlik oʼrnatishiga umid qilamiz.

Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Аfgʼonistonni keng jalb etish maqsadida “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish tarmogʼini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yoʼl qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishdik.

Fikrimizcha, Аfgʼonistonda tinchlik va barqarorlik oʼrnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy eʼtibor markazida boʼlib qolishi zarur.

Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afgʼon xalqining ezgu orzu-umidlarini roʼyobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir. Shu boisdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʼon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʼrsatadigan qoʼmita tashkil etish lozim. Ushbu qoʼmitaning asosiy vazifasi Аfgʼonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʼmak berishdan iborat boʼlishi zarur.

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Davrimizning oʼtkir muammolaridan yana biri – global iqlim oʼzgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy taʼsirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday oʼzgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tugʼdirmoqda.

Eʼtiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolboʼyi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi oʼsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish boʼyicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolboʼyi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi boʼyicha koʼp tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Umid qilamizki, ushbu fond ogʼir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam koʼrsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi boʼlib xizmat qiladi.

Biz Orolboʼyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq boʼlardi.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Soʼzimning yakunida yana bir fikrni taʼkidlashni istardim. Jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zoʼravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambagʼallikning global muammolarini kuchaytirmoqda.

Bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olmoqda. Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur.

Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambagʼallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʼishlangan global sammitni oʼtkazishni taklif etamiz.

Qadrli doʼstlar!

Barchamizga ravshanki, pandemiyadan keyingi dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi butunlay boshqacha tus oladi.

Biz xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yoʼlidagi umumiy xatarlarga qarshi yangicha yondashuvlar asosida va yaqin hamkorlikda ishlashimiz zarur.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy oʼrnini yanada kuchaytirish lozim.

Oʼzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʼlamli va oʼzaro manfaatli sheriklikni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

23.09.2020

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing