Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Toʻxtamish Xolliyev
1234

Yaxshilar yodi hech oʻchmas dillardan.

Yaxshi nom, yaxshi iz qolur ulardan

Vatanimizning iqtisodiy xavfsizligini himoya qilishda oʻz joninida ayamagan yana bir bojxonachi - Xolliyev Toʻxtamish Qosimovichdir.

U 1949-yilning 17-avgustida Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumanida tavallud topgan.

Otasi – Xolliyev Qosim Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanidagi Ichki ishlar idoralarida xizmat qilgan.

Onasi – Xolmurodova Oyimxon uyda farzandlari tarbiyasi bilan shugʻullangan.

Toʻxtamish Xolliyev oiladagi olti farzandning eng kattasi boʻlgani uchun ukasi va 4 ta singlisini voyaga yetkazishda ota-onasiga yordam bergan.

1973-yilda Termiz davlat universitetining “Rus tili” fakultetini tamomlagan Toʻxtamish Xolliyev Turkmanistonning Kushka shahrida harbiy desant qoʻshinlari tarkibida xizmat qilgan. Uyiga qaytgach, Iqbolxon Shomurodova bilan oila qurgan. Ularning oilasida 2 qiz va 2 oʻgʻil farzand dunyoga kelgan.

Toʻxtamish Xolliyev 1981-yilda oʻsha davrda faoliyat yuritgan “Kakaydi” bojxona postining koʻrik xodimi lavozimiga ishga qabul qilingan. Mazkur postda Afgʻonistondan kelgan harbiy samolyotlar bojxona nazoratidan oʻtkazilgan. Uning mazkur tizimidagi xizmati davomida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasida, “Amu-Zang”, “Ayritom”, “Termiz” va “Boldir” temir yoʻl bojxona postlarida, “Jarqoʻrgʻon” tashqi iqtisodiy faoliyat postida va “Sariosiyo” bojxona kompleksida ishlagan.

Uzoq yillar davomida bojxona tizimida faoliyat yuritgan va bugungi kunda nafaqadagi bojxona faxriysi Xolmurod Jumayev marhum kasbdoshi Toʻxtamish Xolliyev bilan ishlagan kezlarni xotirlab, qoʻshni Tojikistonda fuqarolar urushi goh kuchayib, goh sustlashgan notinch bir vaziyatda bojxona chegaralarida ishlash oson boʻlmaganligini eslaydi. Uning aytishicha, 1999-yilning 27-aprel kuni Toʻxtamish Xolliyev kasbdoshlari bilan birga xizmatni oʻtayotgan vaqtida, soat taxminan 14 larda, aylanma yoʻllar orqali Tojikiston Respublikasidan yurtimizga kirib kelayotgan avtotransport vositasi toʻxtatiladi. Unda kontrabanda bilan shugʻullanuvchi

jinoyatchilar boʻlgan. Bojxonachilarni koʻrgan qoidabuzarlar javobgarlikdan qutulib qolish uchun bojxona xodimlarining hayotiga tajovuz qilib, ularga tan jarohati yetkazib, qochishga uringanlar. Ogʻir jarohatlar oqibatida Toʻxtamish Xolliyev halok boʻlgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 25-avgustdagi Farmoniga asosan mustaqil Vatanimizni himoya qilishda koʻrsatgan fidoyiligi va mardligi uchun katta inspektor Xolliyev Toʻxtamish Qosimovich vafotidan soʻng 2-darajali “Shon-sharaf” ordeni, “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 10 yilligi”, “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 15 yilligi” hamda “Oʻzbekiston qurolli kuchlariga 25 yil” koʻkrak nishoni koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

1.12.2019

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing