Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Botir Davlatov
982

Yaxshilar yashaydi dillarimizda,

Umrbod tarona tillarimizda!

Boʻlsin shon-sharaflar qaxramonlarga,

Elsevar, fidoyi qiz-oʻgʻlonlarga!

1970-yilda Sherobodlik oʻqituvchi Mamatqul Davlatov va Hayitoy Qurbonovalar oilasida oʻgʻil farzand dunyoga keldi. Quvonchi ichiga sigʻmagan ota-ona farzandi mard va fidoyi oʻgʻlon boʻlishini niyat qilib, chaqaloqqa Botir deb ism qoʻyishdi.

Oilada 10 nafar farzandning oltinchisi boʻlgan Botir zehni va mehribonligi bilan tengdoshlaridan biroz ajralib turardi.

1988-1990-yillarda Qurolli kuchlar safida harbiy xizmatni oʻtab qaytgan Botir Vatanining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishnga ahd qildi.

U bojxona tizimidagi xizmat faoliyatini 1993-yildan Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan oʻsha davrda faoliyat yuritgan “Oqtosh” bojxona postida kichik inspektor lavozimida boshlagan. Oradan bir yil vaqt oʻtib, Botir va uning qishloqdoshi Gulbahor turmush qurishadi. Ularning baxtli oilasida qiz farzand dunyoga keladi.

Xizmat faoliyatini davom ettirishi bilan bir qatorda u ota-onasi, yaqinlaridan tez-tez xabarlashar, uka-singillarining kam-koʻstiga yordam berib kelar edi.

Botir Davlatov ish faoliyati davomida viloyatimizning qator bojxona maskanlarida xizmat qildi. Ammo taqdir qismatini qarang-ki, u aynan oʻz faoliyatini boshlagan Oqtosh bojxona maskaniga 1998-yilning 17-fevral kuni jinoyatchilar tomonidan uyushtirilgan hujumda vafot etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 27-avgustdagi Farmoniga asosan Respublikada milliy xavfsizlik va huquq-tartibotni taʼminlash, jamoat tartibini muhofaza qilish hamda harbiy burchini bajarish vaqtida jasurlik va matonat koʻrsatganligi uchun Davlatov Botir Mamatqulovich vafotidan soʻng “Jasorat” medali, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 10 yil” esdalik nishoni hamda “Oʻzbekiston qurolli kuchlariga 25 yil” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

Botir Davlatovning xotirasi Sherobodliklar dillarida oʻzgacha iz qoldirgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, tuman hokimiyati tashabbusi bilan Sherobod tumanidagi koʻchalarning biriga “Botir Davlatov” nomi berilgan. “Oʻgʻlim Botirjon, - deya koʻzlariga yosh olib, oʻz farzandini xotirlaydi Qurbonova Hayitoy aya, - bolaligidan juda mehnatsevar, mehribon va oqkoʻngil inson edi. U yordam soʻrab kelgan muhtoj insonlardan hech qachon yordamini ayamas edi. Xizmatdan boʻsh vaqtlarida bekor yurmasdi. Chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanardi. Bogʻdorchilikni ham yoqtirardi. Turli daraxt va gullarni ekib, ularni parvarish qilardi”.

Botir Davlatovning orzusi – Oʻzbekiston Respublikasining buyuk kelajagini koʻrish va yurtimiz mustaqilligini mustahkamlash ishiga oʻz hissasini qoʻshish edi.

Hozirgi kunda uning Sabogul ismli qizi otasi kabi iqtisodiyot sohasini tanlab, Oliy harbiy bojxona institutiga oʻqishga kirishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

Botir Davlatovning porloq xotirasi qalblarda mangu yashaydi.

1.12.2019

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing