Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Saydaxmad Tashxodjayev
994

Bojxona organlarida qisqa muddat ishlagan boʻlsa-da, marhum Saydaxmad Tashxodjayev oʻzidan munosib nom qoldirishga ulgurdi.

Saydaxmad Tashxodjayev 1953-yil Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tavallud topgan boʻlib, oiladagi olti nafar farzandning kenjasi boʻlgan. U 1972-1974-yillar oraligʻida Qurolli kuchlar safida harbiy xizmatni oʻtab, Toshkent Davlat texnika universitetida tahsil olgan va injener-quruvchi mutaxassisligiga ega boʻlgan.

Saidahmad Toshxoʻjayev bojxona tizimidagi faoliyatini 1995-yilda boshlagan. U milliy kinologiya sohasi shakllanishi va rivojlanishiga munosib hissa qoʻshdi. Milliy kinologiya markazida masʼul lavozimlarda ishladi. 1999-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining ixtisoslashtirilgan “Toshkent-Aero” bojxona kompleksiga qarashli Kinologiya xizmati bosh inspektor-kinologi lavozimida mehnat qildi. Shu yili 29-sentyabr kuni maxsus topshiriqni bajarish uchun hamkasblari bilan Samarqand viloyatiga ketayotganida Sirdaryo viloyati hududida avtohalokatga uchrab, ogʻir jarohatlandi. 1999-yil 25-oktyabr kuni ogʻir tan jarohati tufayli vafot etdi.

Taʼkidlash joizki, marhum mayor Saydaxmad Tashxodjayev bugun Markaziy Osiyoda inspektor-kinolog va xizmat itlarini tayyorlovchi yagona muassasa – poytaxtimizadgi Milliy kinologiya markazining tamal toshini qoʻyishda, bu yerda portlovchi moddalarni qidirish, himoya-qorovul xizmati, iz-qidiruv, qidiruv-qutqaruv xizmati va antiterror yoʻnalishlariga asos solishda ulkan hissa qoʻshgan insonlardan biri edi.

Milliy kinologiya tizimini takomillashtirishda xorij tajribasini oʻrganishga va oʻzlashtirisha alohida eʼtibor qaratgan qahramonimiz bir qator xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan edi. Jumladan, Vengriyada bir necha oy tahsil olgan Saidahmad Toshxoʻjayev oʻzi bilan xizmatda asqotadigan bir nechta zotdor itlarni ham olib qaytgan edi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumani, “Bogʻishamol” koʻchasida istiqomat qiluvchi Saidahmad Toshxoʻjayevning akasi Tursunxoʻja Toshxoʻjayev marhum ukasini xotirlar ekan, koʻzlarida yosh bilan eng avvalo uning mehnatsevarligi, masʼuliyatliligi, bir soʻzligini xurmat bilan tilga oldi.

– Ukam bilan shu hovlida koʻp yillar birga yashadik. Oʻz ishiga masʼuliyatli, har tomonlama kuchli yigit edi. Oila aʼzolari, yaqinlariga doimo gʻamxoʻrlik qilardi, – deydi Tursunxoʻja Toshxoʻjayev. – Uni birinchi marta bojxonachi kiyimida koʻrganim hali koʻz oʻngimda. Ishda edim. Deraza oldidan harbiy libosda bir kishi oʻtib ketdi. Xonadan chiqib qarasam, ukam jilmayib turibdi. Uni quchoqlab oldim, xursandligimdan yigʻlab yuboribman. U Vatanimizga sodiq xizmat qildi. Ukamning xislatlarini farzandlarida koʻrib quvonaman. Ilohim, shu goʻzal hayotimizga koʻz tegmasin, marhumlar xotirasini abadiylashtirayotlarning ishi oʻngidan kelsin.

– Shu hovlida ulgʻaydim, togʻamdan koʻp yaxshi fazilatlarni oʻrgandim, – deydi Saidahmad Toshxoʻjayevning jiyani Ahmad Ahmedov. – Mendan 9 yosh katta boʻlsada, xuddi tengquri kabi samimiy gaplashardi. Boʻsh vaqtlarida shaxmat oʻynardik. Itga mehri baland edi. Ular bilan xuddi odamdek tillasha olardi. Bu hovlida ikki togʻam farzandlari bilan yashagan. Biron marta arazlashib qolganini eslolmayman. Kelinoyilarim ham togʻalarim kabi ahil-inoq edi.

Saidaxmadni oʻz ukamdek koʻrar edim, - deydi kelinoyisi Laʼlixon Toshxoʻjayeva. - U hech qachon bojxonadagi ish jarayonini yoki xizmat sirlarini oilada muhokama qilgan emas. Ayniqsa, farzand tarbiyasida mehribonlik va talabchanlikni oʻz meʼyorida ushlab turardi. Mana hozir bir oʻgʻil va ikki qizi oliy maʼlumotga ega boʻlib, jamiyatimiz uchun nafi tegadigan kadrlar boʻlib yetishishdi. Saidahmad shaxmatga mehr qoʻygan edi. Akalari bilan boʻlib oʻtadigan suhbatlar hamisha shaxmat oʻyini bilan hamohang kechardi. Vengriya safaridan qaytishda oʻzi bilan chiroyli ishlangan shaxmat jamlanmasini olib kelgan edi. Biz uni keyinchalik Davlat bojxona qoʻmitasida tashkil qilingan “Bojxona tarixi” muzeyiga esdalik sifatida taqdim qildik.

Qahramonimizning vatan oldidagi xizmatlari besamar ketmadi. Bojxona xizmati mayori Tashxodjayev Saydaxmad Xidoyatovich oʻzining yuksak kasb mahoratini va vatanparvarlik bypchiga sadoqatini namoyon qilgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga asosan 2001-yil 25-dekabrda taʼsis etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 10 yil” va 2006-yil 26-dekabrda taʼsis etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Hech shubhasiz, Vatan oldidagi burchini ado etish chogʻida halok boʻlgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom koʻrsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir”.

Obod yurtimiz, bugungi farovon hayotimiz, xalqimiz xotirjamligi yoʻlida aziz jonini fido etgan qahramonlar yodi unutilmaydi. Ular koʻrsatgan qahramonlik haqida eshitib, kitoblarda oʻqib faxrlanamiz. Ularga munosib avlod boʻlishga intilamiz.

1.12.2019

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing